Bundan koʻzlangan maqsad mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, temir yoʻl transportida yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish hisoblanadi. Binobarin, bu bugungi kun talabi.
Mazkur tender elektropoyezdlarga texnik xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni yetkazib berish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi.
Hozirda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati harakat tarkibini yangilash, zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish boʻyicha “Stadler”, “Skoda”, “Talgo”, “Hyundai”, “CAF”, “Siemens”, “Alstom”, “Hitachi”, “Pesa”, “CRRC-Dalian” kabi dunyoning eng ilgʻor kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
34 ta zamonaviy elektropoyezdlarning xarid qilinishi natijasida 8 ta — “Toshkent – Jizzax – Toshkent”, “Toshkent – Keles – Toshkent”, “Navoiy – Buxoro – Navoiy”, “Samarqand – Jizzax – Samarqand”, “Samarqand – Shahrisabz – Samarqand”, “Samarqand – Qarshi – Samarqand”, “Andijon – Xonobod – Andijon”, “Nukus – Xiva – Nukus” yangi yoʻnalishlari tashkil etiladi.
Yangi yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovining yoʻlga qoʻyilishi natijasida bir yilda 5 million 925 ming 500 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.
Shuningdek, 10 ta mavjud yoʻnalishlarda esa qoʻshimcha poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi yoʻnalishlarda poyezdlar harakatining yoʻlga qoʻyilishi va mavjud yoʻnalishlarda qoʻshimcha qatnovlarning tashkil etilishi orqali bir yilda jami 22 million 473 ming 500 nafar yoʻlovchiga sifatli xizmat koʻrsatishga erishiladi.