Toshkent – Xoʻjakent – Toshkent shahar atrofi yoʻnalishida yangi tezyurar elektropoyezd ishga tushirildi. Mazkur elektropoyezd ushbu yoʻnalishda har bir tarafga kuniga uchtadan qatnovni amalga oshiradi.
Yangi elektropoyezd oltita vagondan iborat boʻlib, ularning umumiy sigʻimi 1184 yoʻlovchiga moʻljallangan. Bu koʻrsatkich avvalgi poyezdlarnikidan taxminan 1,5 barobar yuqori.
Poyezdning maksimal tezligi soatiga 120 kilometrgacha yetadi, Toshkentdan Xoʻjakentgacha boʻlgan yoʻl esa 1 soatu 15 daqiqada bosib oʻtiladi.
Kattalar uchun yoʻl haqi 20 000 soʻm, bolalar uchun esa 11 500 soʻmni tashkil etadi. Toʻlovni ATTO transport kartasi yordamida yoki chiptalarni onlayn xarid qilish orqali amalga oshirish mumkin.