Bu haqda BMT maʼlumotlariga tayanib “Iqtisodiy sharh” jurnalining navbatdagi sonida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston siyosatida tabiatga doʻst boʻlgan faoliyat turlarini rivojlantirish orqali ekologiyani yaxshilash va iqlim oʻzgarishlarini barqarorlashtirishning muhim omili sifatida oʻrmonlarni muhofaza qilish va daraxtzorlar barpo qilish ishlarini kengaytirish muhim oʻrin tutadi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan asr oʻrtalaridan buyon Markaziy Osiyoda oʻrmonlar maydoni 4-5 baravarga qisqargan. Saksovulzorlar va toʻqaylar eng kuchli antropogen bosimga uchradi.
Birgina Amudaryo atroflarida oʻrmonlar maydoni oxirgi oʻn yilliklarda 150 ming gektardan 22-23 ming gektargacha qisqargan. Bu jarayon bugungi kunda ham davom etmoqda.
Maʼlumot uchun, respublika oʻrmon fondi togʻ, toʻqay (daryo boʻyidagi) va choʻl oʻrmonlaridan tashkil topgan boʻlib, ular mamlakat hududining 26,7 foizi yoki 11 975,2 ming gektar maydonda joylashgan, shundan 3 235,7 ming gektar hudud oʻrmonlar bilan qoplangan.