Oylik olish vaqti bayramga toʻgʻri kelsa, ish haqi qachon toʻlanishi kerak?

    Moliya 30 Avgust 2023 2500

    Oylik olish vaqti kechiktirilsa kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlanishi kerak.

    Mustaqillik bayrami yaqinlashmoqda, Hudud24.uz bayramda necha kun dam olinishi, xodimlarga oylik qachon berilishi kerakligiga oid huquqiy savollarga javob beradi.

    1. Mustaqillik bayramida necha kun dam olinadi?

    Mustaqillik bayrami arafasida barcha xodimlar 3 kun dam oladi, xususan:
    – 1-sentyabr (juma) – Mustaqillik bayrami kuni (Mehnat kodeksi 208-moddasiga koʻra ishlanmaydigan bayram);
    – 2-sentyabr (shanba) – dam olish kuni (Prezident Farmoniga koʻra 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun qoʻshimcha dam olish kuni, hech qayci kundan koʻchirilmagan);
    – 3-sentyabr (yakshanba) – dam olish kuni (Mehnat kodeksi 208-moddasiga koʻra umumiy dam olish kuni).

    1. Oylik bayramdan keyin beriladimi?

    Oylik (ish haqi) toʻlanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida toʻlanadi, yaʼni 1-sentyabrdan oldin toʻlanishi kerak.

    Oylik olish vaqti kechiktirilsa kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlanishi kerak.
    Markaziy bank stavkasi 14 foiz, shundan kelib chiqadigan boʻlsak oylikka nisbatan 1,4 foizda kompensatsiya berilishi kerak.

    1. Bayramdan oldingi kunda xodimlar kamida 1 soat oldin ishdan ketishi mumkin.

    Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

    Agar ishni qisqartirish imkoni boʻlmasa (masalan, uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda) ortiqcha ishlaganlik uchun xodimga qoʻshimcha dam olish vaqti beriladi yoki oʻsha vaqt uchun 2 hissa haq toʻlanadi.