Oyni tadqiq etadigan robot-kentavr ishlab chiqiladi

    Rossiyalik mutaxassislar Oyni tadqiq qilishga mo'ljallangan robot tizimi loyihasini taqdim etdi.

    “Андроидная техника” nodavlat tashkiloti va Alpha Robotics Venture jamg'armasi vakillari tomonidan mazkur loyiha ustida ish olib borilmoqda.

    Robotning yuqori qismi odam tanasiga o'xshaydi. Uning yordami bilan Yerning tabiiy yo'ldoshi yuzasida turli tadqiqot ishlari olib boriladi. “Tors” g'ildirakli platformaga o'rnatiladi, shu jihatdan bu modelni qadimgi kentavr bilan solishtirish mumkin.

    Bundan tashqari, robotga uchuvchi dron joylashtiriladi. Uch qismning har biri (tors, platforma va dron) o'z boshqaruv tizimiga ega bo'ladi va boshqa qismlardan alohida ishlay oladi.

    Ishlab chiquvchilarning ta'kidlashicha, “Tors” allaqachon tayyor va mobil platformani ishlab chiqish bo'yicha ishlar hali ham davom etmoqda. Bu borada nosozliklarni tuzatish va uni takomillashtirish talab qilinadi. Bir necha oy ichida robot sinovga tayyor bo'ladi, dedi Alpha Robotics Venture kompaniyasi rahbari Vladimir Beliy.

    “Kentavr”ni loyihalashda Xalqaro koinot stantsiyasida muvaffaqiyatli sinovdan o'tgan odamsimon robot – Teledroydni ishlab chiqish tajribasidan foydalanildi. Shuningdek, ixtirochilar Oyning o'ziga xos sharoitini, xususan, tortishish kuchini hisobga olishdi, deb xabar beradi mir24.tv.