— Oyoq uvishishi qanday tashxislanadi?

— Bu holatga toʻgʻri tashxis qoʻyish va eng samarali davolash usullarini tanlash uchun, avvalo, unga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash lozim. Buning uchun bemor terapevt, nevropatolog kabi mutaxassislarga murojaat qilishi kerak.

Shuni yodda tutish lozimki, kasallikning asl sabablari aniqlanmaguniga qadar muolaja jarayonlarini boshlash mumkin emas.

Kasallikka toʻgʻri tashxis qoʻyish uchun esa shifokor bemorga bir qancha instrumental tekshiruvlardan oʻtishni tavsiya etadi.

Xususan, umumiy qon tahlili, qon tomirlari doplerografiyasi, orqa miya rentgenogrammasi, magnit-rezonans tomografiya va ultratovush apparati (UTT) kabi diagnostika usullari shular jumlasidan.

— Oyoq uvishishi qanday davolanadi?

— Inson organizmi turlicha boʻlgani bois davolanish jarayonlari ham har bir bemor uchun individual tarzda tanlanadi. Shu oʻrinda oyoq uvishishidan aziyat chekayotgan kishilarga faqat shifokor maslahatlari asosida muolaja olishlarini tavsiya qilaman. Sababi kimdandir eshitib yoki koʻrib davolanish keyinchalik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mazkur xastalik bemorning holatiga qarab dori-darmon, jismoniy mashqlar, fizioterapevtik muolajalar va muqobil tibbiyot usullari bilan muolaja qilinadi.

— Ushbu muammoning oldini olish uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

— Bu juda oddiy: birinchi navbatda chekish, spirtli ichimliklar ichish kabi salbiy odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish, ogʻir yuk koʻtarmaslik, qulay poyabzal kiyish (baland poshnali oyoq kiyimlardan voz kechish yoki ularni kiyishni kamaytirish), har kuni bir vaqtda uxlash lozim.

Shuningdek, faol turmush tarziga rioya qilish, tana vaznini nazoratda ushlash, kasalliklarni erta aniqlash uchun yiliga bir necha marta toʻliq klinik tibbiy koʻriklardan oʻtib turish zarur.