Dunyoga koʻpgina ixtiro va tafakkur mahsullarini hadya etgan olimlar orasida ona zaminimizdan chiqqan allomalar bilan faxrlanamiz. Zero, ular yaratgan tibbiyot, algebra, falsafa, astronomiya kabi koʻplab sohalardagi kashfiyotlar, tadqiqotlar fan sohalarining taraqqiyotida oʻziga xos maktab boʻlgan.
Albatta, yurtimizda ilm-fan rivoji faqat koʻhna tarixda qolib ketmadi. U oʻzining goh jadal, goh sokin rivojlanish bosqichlarini oʻtab kelmoqda. Koʻplab sohalardagi akademiklardan tortib yosh avlod safidan yetishib chiqqan chinakam fan isteʼdodlari erishayotgan yutuqlar, olib borayotgan ilmiy izlanishlar fikrimizni tasdiqlab turibdi.
Eng muhimi, ular fan sirlarini oʻrganibgina qolmay, oʻz bilimini yoshlarga oʻrgatib oʻziga xos maktab yaratib kelmoqda. Iqtisod fanlari doktori, professor Davlatboy Kudbiyev ana shunday maktab yaratib, el-yurt hurmatiga, eʼtirofiga sazovor boʻlgan fidoyi olim sifatida tilga olinadi.
Xayrli ishlar debochasi
Bolalikdan hisob-kitobga qiziqqan Davlatboy Fargʻona kooperativ texnikumini bitirgach, ilm ishtiyoqida Samarqandga yoʻl oladi. Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti)ga oʻqishga kiradi. Iqtidori, gʻayrati sabab institut jamoasidan ish faoliyatini shu dargohda davom ettirish taklifi tushadi. Bu taklif Davlatboy Kudbiyevning hayot va ilm yoʻlidagi xayrli ishlari debochasi boʻldi.
Aspiranturada oʻqish uchun tanlovda qatnashib, saralar safida Moskvaga yoʻl oladi. Nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini ham oʻsha yerda yoqlaydi. Oʻn yillik ilmiy izlanishlardan soʻng qaytib, Samarqand kooperativ institutida 15 yil faoliyat yuritdi. 1996-yili hukumatimizning mahalliy oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarori fidoyi pedagog olim faoliyatida yangi sahifa ochdi. Davlatboy aka oʻz faoliyatini Fargʻona politexnika institutida davom ettira boshladi.
Yillar olimga ilmning sharafi yuksalish, oʻz sohasi — buxgalteriya va audit yoʻnalishida maktab yaratishdek oliy vazifani ado etish imkonini berdi. Bu yukni hamma ham koʻtaravermaydi. 2020-yili Fargʻona politexnika institutida birinchi marta buxgalteriya hisobi va audit sohasida ilmiy kengash ochildi.
Bu mamlakat miqyosida buxgalteriya hisobi va audit, sanoat iqtisodiyoti hamda menejment yoʻnalishlarida falsafa doktori ilmiy darajasi olish uchun ilmiy ishni yoqlash imkonini beradi. Ilmga qiziqqanlar uchun yengillik boʻldi. Oʻz-oʻzidan magistratura va doktoranturaga tanlov kengaydi. Bu xayrli ishlarda ham professor Davlatboy Kudbiyevning hissasi katta.
Ilm mashaqqati: avval va hozir
— Ilmga avvalgi munosabat bilan bugungisining oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Doktorlik dissertatsiyamni yoqlaganimga oʻttiz yildan oshgan boʻlsa, u paytlarda hozirgidek axborot texnologiyalari, maʼlumot olish uchun qulay manbalar koʻp boʻlmagan. Yozuv mashinkasida xatolarni tuzatish uchun oʻn qayta yozgan paytlarimiz boʻlgan. Texnologiya rivoji, raqamli iqtisodiyotga oʻtishimiz hozirgi yoshlarga katta qulaylik bermoqda. Ayniqsa, kompyuter va internetni yaxshi bilgan yoshlar maʼlumot izlash, uni tahlil qilish va jahondagi tendensiyalar bilan solishtirish imkoniga ega boʻlyapti, — deydi taniqli olim. — Soʻnggi besh yilda yoshlarda ilmga nisbatan qiziqish juda katta boʻlyapti. Eng asosiysi, Prezidentimizning ilmga keng yoʻl ochib bergani boʻldi.
Masalan, institut misolida oladigan boʻlsak, magistratura, doktorantura bosqichlari, ilmiy ish himoyasi uchun ilmiy kengash mavjud. Ikki yildan beri magistratura va doktoranturaga tanlov katta. Bundan ruhlanib, biz ham maktabimizni kengaytirish, yangi-yangi yoʻnalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz.
Suvda choʻkmaydi, oʻtda yonmaydi...
Professor Davlatboy Kudbiyevning hayotdan chiqargan xulosasi, topgan falsafasi bitta: ilm suvda choʻkmaydi, oʻtda yonmaydi. Amal bugun beriluvchi, ertaga yechib olinuvchi libosdek gap. “U orqali ham el-yurtga nafi tegayotgan insonlar koʻp, lekin unga aldanib qolmaslik kerak”, deydi olim.
Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan olim Davlatboy Kudbiyev “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Yuksak eʼtirofdan mamnun ustozning dil soʻzlariga quloq tutdik: “Kundan-kunga ilmning, olimning qadri ortib boryapti. Ilmga hayotini bagʻishlaganlar davlatimiz tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bugungi mukofot, eʼtirofni ham oʻzimga emas, Fargʻona politexnika instituti jamoasiga, oilam va shogirdlarimga berilgan baho deb bilaman. Olimi qadrlangan yurt faqat taraqqiy etishiga ishonaman”.