Davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun uni  Konstitutsiya va qonunlarda belgilab oladi. Konstitutsiyaning esa bosh g‘oyasi  “…inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat” sifatida belgilanganida namoyon bo‘ladi. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning mazmuniga e’tibor berar ekanmiz, unda bevosita inson huquqlarini yanada kengayganligini ko‘ramiz. Jumladan, Konstitutsiyamizning 21-moddasi birinchi qismida “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas” ligi belgilab qo‘yildi. Shubhasiz, ushbu norma orqali xalqimizga o‘z salohiyatini yanada namoyon etishi uchun katta yo‘l ochildi. Umuman olganda, rivojlanish, yaʼni kamol topish huquqi, keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayon bo‘lib, shaxsning farovonligini doimiy ravishda oshirishni nazarda tutadi.

Asosiy qonunimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili huquqiy jihatdan rasmiylashtirilishi natijasida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy qiyofasi o‘zgarmoqda. O‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqi inson salohiyatining yangi qirralarini namoyon qilish, barcha imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishning bosh omili hisoblanadi. Shaxslarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish esa har bir davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

Ushbu huquqning vujudga kelishi BMTning 1986-yildagi Rivojlanishga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi borib taqaladi. 10 moddadan iborat ushbu Deklaratsiyani o‘z milliy qonunchiligiga kiritgan davlatlarni topish qiyin. Bu kabi huquqning bevosita Konstitutsiya darajasida shaxsning subyektiv huquqi sifatida belgilanishi bu davlatimizning siyosiy irodasini yaqqol namoyon etadi.

Kamol topish huquqi asosida bir emas bir necha huquqlar rivojlanadi. Shaxsning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini yanada ro‘yobga chiqarishda bu kompleks huquqning o‘rni g‘oyatda katta hisoblanadi. Xorijiy davlatlardan ushbu huquqni biz Germaniya Asosiy qonuning 2-moddasida uchratishimiz mumkin. Ta’kidlash kerakki, ushbu huquq natijasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda ushbu davlatda katta yutuqlarga erishilgan.

Ushbu huquq nafaqat erkin rivojlanishga balki qonunchilikda belgilanmagan majburiyatlardan holi ravishda shaxsning takomillashishiga katta hissa qo‘shadi. Konstitutsiyamizning 21-moddasi ikkinchi qismida insonning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerakligi aniq ko‘rsatilgan. Bu esa shaxs rivojlanish jarayonida  muayyan qoidalarga amal qilishi kerakligini anglatadi hamda “o‘zboshimchalik” bilan qonunchilikda taqiqlangan harakatlardan o‘zini tiyishi kerakligini ko‘rsatadi.

Ushbu huquqni ro‘yobga chiqarishda, albatta, davlatning roli alohida ahamiyatga ega. Sababi ushbu huquqni ta’minlashda ba’zi davlatlar shunchaki aralashmaslik pozitsiyasini tanlaydilar. Ya’ni shaxs o‘zi imkon topib rivojlansa yetarli degan qabilda. Biroq ushbu huquq davlatga muayyan majburiyatlarni yuklaydi. Ya’ni davlat rivojlanish uchun yetarli shart sharoitni ta’minlab berish orqali shaxsni ushbu huquqidan foydalanishi uchun imkoniyat yaratadi. Masalan, bugungi kunda ushbu huquqni ta’minlashda davlat tomonidan xalqimizning internet tarmoqlaridan foydalanishiga yoki xotin-qizlarni magistratura bosqichida davlat hisobidan o‘qish imkoniyatlari yaratilganligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, mamlakatimizda shiddat bilan rivojlanib borayotgan o‘quv markazlari soni ham fuqarolarni ushbu huquqlaridan keng sur’atda foydalanayotganliklarini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30-iyun kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvda Respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjudligini hamda so‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilganligi ma’lum qildi. Bundan tashqari, uchrashuvda davlatimiz rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirayotganligi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi. Qo‘shimchasiga viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tdi. Bu esa davlatimiz tomonidan ushbu huquqni ta’minlash uchun qilinayotgan harakatlarni bir qismi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ushbu huquqni ta’minlayotganligi o‘z natijalarini ko‘rsatishni boshlamoqda. Xususan, birgina Toshkent davlat yuridik universiteti rivojlanishga doir huquqlarga keng imkon ochgani natijasida xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

Masalan, “Times Higher Education Impact Rankings — 2025” natijalariga ko‘ra, dunyoning 2500 ta oliy ta’lim muassasasi orasida Toshkent davlat yuridik universiteti 301-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 100 pog‘onaga yuqorilaganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, universitet: SDG 5 — Gender tengligi yo‘nalishi bo‘yicha 51-o‘rinni egallab, dunyoning top-100 oliygohlari qatoridan joy oldi; SDG 4 — Ta’lim sifati bo‘yicha 301−400-o‘rin; SDG 8 — Munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha 101−200-o‘rin; SDG 16 — Tinchlik, adolat va kuchli institutlar hamda SDG 17 — Maqsadlar bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarida 201−300-o‘rinlarni egalladi. Bundan tashqari, universitet «AD Scientific Index» (Alper-Doger Scientific Index) reytingida ham yuqori natijalarga erishdi.

Ushbu natijalarni doimo yuqorilab borishi davlatning va jamiyatning rivoji uchun ulkan hissa qo‘shadi. Shunday ekan, o‘z shaxsini kamol toptirish huquqini Konstitutsiyada aks etganligi bu yurtimizning yanada taraqqiy etishi uchun tashlagan katta qadamdir

Hakimov Sunnat Furqat o‘g‘li,

Toshkent davlat yuridik universiteti
Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi