Tadbirda qayd etilishicha, oʻtgan 2021-yilda Qishloq va suv xoʻjaligi sohasida jami 161 ming 433 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan, shundan 97 ming 487 ta holatda qonunbuzilishlar aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha tegishli qishloq xoʻjaligi korxonalariga 60 ming 878 ta koʻrsatma, 5 ming 996 ta taqdimnoma va 133 ming 166 ta ogohnoma kiritildi.

Tekshirish natijalariga koʻra, tashkilot va korxonalarning masʼul mansabdor shaxslariga nisbatan 30 ming 51 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, 5 mlrd. 628 mln.soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, 5 ming 127 ta materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudlarga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Jumladan, Suvdan foydalanish sohasidagi qonunbuzilishlar yuzasidan 5 ming 248 ta holatda 6 mlrd. 316 mln soʻmlik moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanildi.

Agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish ustidan oʻz vaqtida nazorat oʻrnatilishi natijasida yil davomida 8 mlrd. m3 dan ortiq suv iqtisod qilindi. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini koʻllatib sugʻorish, suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻyish holatlarini joyida bartaraf etish orqali 2,6 mlrd.m3 suv resurslari ortiqcha isrof boʻlishining oldi olindi.

Shuningdek, Texnika holatini nazorat qilish sohasida Inspeksiya axborot tizimi Majburiy ijro byurosi, Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qoʻmitasining axborot tizimlariga integratsiya qilinib, qogʻozda axborot almashish, maʼlumot olish, elektron shaklga oʻtkazildi. Jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun ommalashgan elektron toʻlov tizimi orqali haq toʻlash imkoniyati yaratildi. Texnikalar mulk egalariga texnik koʻrik uchun xabardor etishning elektron “SMS xabarnoma” dasturi ishga tushirildi. Texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish uchun 14 dona zamonaviy mobil texnik koʻrikdan oʻtkazish jihozlari xarid qilindi. Axborot bazasiga kiritilgan 320 mingga yaqin texnikalarning 225 mingtasi yoki 71 foizi texnik koʻrikdan oʻtkazilishiga erishildi.

Yil davomida Respublika boʻyicha jami 179 mingta texnikaga texnik pasport va texnik guvohnoma, mexanizatorlarga 36 mingta traktorchi-mashinist guvohnomasi yangi ID kartali plastik shaklda berildi.

Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari yetishtirishni nazorat qilish sohasida 280 ming tonna don ekinlari, 57 ming tonna urugʻlik chigit, 250 ming tonna kartoshka va 35 ming tonna boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari yetishtirilishi, aprobatsiyadan oʻtkazilishi, qayta ishlanishi va xoʻjalik subyektlariga sifatli urugʻlik yetkazib berilishi nazoratga olindi.

2022-yil hosili uchun sifatli, sara urugʻlik tayyorlash maqsadida 3 ming 777 nafar xoʻjalikning 121,3 ming gektar urugʻlik paxta, 3 ming 172 nafar xoʻjalikning 93,6 ming gektar urugʻlik gʻalla, 310 nafar xoʻjalikning 4,9 ming gektar urugʻlik sholi va 3 ming gektar urugʻlik kartoshka maydonlarida dala aprobatsiya koʻrigi oʻtkazilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatildi.

Natijada urugʻlik talablariga javob bermaydigan 20,3 ming gektar urugʻlik paxta, 17,7 ming gektar urugʻlik gʻalla, 857 gektar urugʻlik sholi va 86 gektar urugʻlik kartoshka maydonlari aniqlanib, yaroqsiz deb topildi va urugʻlik maqomidan chiqarilishi taʼminlandi.