Ushbu tadbirda Ozarbayjon Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Elnur Aliyev, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi va Toshkent shahridagi G.Aliyev madaniyat markazi rahbariyati, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, deputatlar, akademiklar, adabiyotshunoslar va boshqa mehmonlar ishtirok etdilar.

Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi qon-qardoshlik, doʻstlik, fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohalaridagi anʼanaviy aloqalari koʻp asrlik tarixga ega ekanligini alohida taʼkidlashdi.

Dini, tili, urf-odati, dunyoqarashi yaqin millatlarda madaniy-maʼnaviy munosabatlar bardavom boʻlgan. Bebaho asarlardan biri - “Kitobi Dada Qoʻrqut” nafaqat ozarbayjonliklarning, balki barcha turkiy xalqlar, shu jumladan, oʻzbeklarning ham sevimli dostoni sifatida taqdim etildi.

Elchi Bahrom Ashrafxonov oxirgi yillarda mamlakatimizda xalq dostonlari va folklor sanʼatining shakllanishi tarixini chuqur oʻrganish va asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati, eng avvalo, uning ogʻzaki ijodi folklor sanʼatida, doston va eposlarida mujassam boʻlib, ular millatning oʻzligini anglash, uning oʻziga xos milliy qadriyatlari va anʼanalarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi”, deb aytgan soʻzlari tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola etildi.