Shu jihatdan davlatimiz rahbarining 2025-yil 31-avgust – 3-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va va “SHHT plyus” formatidagi sammitda ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurishi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va tashkilot faoliyatini takomillashtirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surishga sabab boʻldi.

Tyanszin shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida Prezidentimiz bir qator tashabbus va takliflarni ilgari surdi.

Jumladan, davlatimiz rahbari oʻz nutqida “Bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini oʻzaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir” deb taʼkidlab, oʻzaro hurmat va bir-birini qoʻllab-quvvatlash, har bir aʼzo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining muhim omili ekanligini bildirdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisda qatnashib, bugungi kundagi xalqaro vaziyat hukm surayotgan sharoitda SHHT jahonda barqaror va adolatli tartibotni taʼminlashning mustahkam tayanchlaridan biri ekanligi, sermahsul natijalari barqarorlikni yanada mustahkamlash, koʻpqirrali sheriklikni kengaytirish, barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilishi haqida fikrlarini bildirdi.

Pekin shahrida Prezidentimiz va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalari aʼzolari ishtirokida Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari toʻgʻrisidagi muzokaralar oʻtkazildi.

Muzokaralar yakunida muhim boʻlgan bir qator hujjatlar, jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini oʻzaro bogʻlash boʻyicha hamkorlik dasturi, “Madaniyat markazlarini oʻzaro taʼsis etish toʻgʻrisida”, “Tibbiy xizmatlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida” bitimlar imzolandi.

Bundan tashqari:

  • Oʻzbekistonga zemsnaryadlar (texnik kema) berish loyihasining ikkinchi bosqichini loyihalashtirish boʻyicha, texnik-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida,
  • muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida,
  • Oʻzbekistondan Xitoyga qovun va bodom eksport qilishda fitosanitariya talablari toʻgʻrisida;
  • kosmik fanlar, texnologiyalar va kosmik faoliyat natijalaridan tinchlik maqsadlarida foydalanishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida;
  • raqobat siyosati sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida, inson resurslarini rivojlantirish sohasida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha;
  • raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha;
  • Samarqand viloyati va Tyanszin shahri oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida;
  • Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Xitoy Xalqaro savdoga koʻmaklashish kengashi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar ham imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ushbu mamlakatning “China Gold”, “China Coal Resources”, “China Datang Corporation”, “Tianjin Rail Transit Group”, “Poly Changda”, “Tianjin Urban Construction”, “Jinchuan Group”, “China Synfuels”, “Jinchuan”, “ST Wonderful”, “Mizuda”, “World Agriculture”, “Dongzhu Ecology” va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari uchrashuv oʻtkazib, oʻtgan yilgi 10 milliard dollarlik investitsiyani yanada oshirish chora-tadbirlari kelishib olindi.

Tashrif doirasidagi muhim uchrashuvlardan biri sifatida Pekin shahrida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvini aytish joiz.

Oʻzbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik surʼatini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar oʻrtasida va tashkil etilgan qoʻshma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirish kabi masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tashrif soʻngida davlatimiz rahbari Pekin shahridagi Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80-yilligiga bagʻishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etib, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlik yoʻlida mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosatining yorqin namunasi ekanligini bildirdi.

Aytish joizki, muhim va dolzarb mavzular yetakchilik qilgan mazkur uchrashuvlar yurtimiz taraqqiyoti uchun zarur boʻlgan barqarorlikni yanada mustahkamlab, sheriklikni kengaytirish va rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilishi bilan eʼtiborga loyiqdir.

Bahodir Maʼmurov,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor