Suhbat davomida koʻp qirrali oʻzbek — qirgʻiz hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasining yangi istiqbolli qoʻshma loyihalarini ishlab chiqish, savdo shartnomalarini tuzish, Bishkek shahrida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 10-yigʻilishi hamda ikki mamlakat hududlari rahbarlarini jalb etgan holda biznes-forum oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Hukumati delegatsiyasining tashrifini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda qirgʻiz kapitali asosida 291 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Tomonlar ikki mamlakat hududida toʻqimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu nuqtayi nazardan, 2022-2025-yillarga moʻljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini, shuningdek, Qishloq xoʻjaligi texnikasi va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitim hamda Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitimni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar shahar transporti sohasida 1,85 million dollarlik loyihani moliyalashtirishni boshlagan Oʻzbek — Qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyatini muhokama qildilar. Jamgʻarma mablagʻlarini jalb etgan holda Qirgʻizistonda yigiruv korxonasini tashkil etish loyihasini moliyalashtirish va travertinni birlamchi qayta ishlash loyihasini birgalikda amalga oshirishga kelishildi.

Gidroenergetika hamda transport va logistika sohalarida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari alohida tartibda koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.