Shunday boʻlishiga qaramasdan, dunyodagi qator sport tashkilotlari, federatsiyalar keyingi yili Yaponiyada oʻtkazilishi belgilangan yozgi Olimpiya oʻyinlariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik mashgʻulotlarini masofadan olib borishmoqda.

Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, shu kunlarda mamlakatimizning barcha olimpiyachi sportchilari masofadan mashgʻulotlarga kirishishgan.

Jumladan, yurtimiz bokschilari ham Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylari Marat Qurbonov, Raxmatilla Roʻzioxunov, Toʻlqin Qilichev va Elshod Rasulov koʻrsatmalari asosida masofadan belgilangan mashgʻulotlarda qatnashishyapti.

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarining toʻliq tarkibdagi mashgʻulotlari esa iyun oyining soʻnggi kunlarida “Yangiobod” oʻquv-mashgʻulot majmuasida boshlanishi rejalashtirilyapti.

Angliya bokschilari mashgʻulotlarni boshlashdi

Angliya olimpiya qoʻmitasi rasmiy saytining bildirishicha, bugundan Angliya olimpiyachilari, xususan bokschilari olimpiadaga tayyorgarlik mashgʻulotlarini boshlashdi.

Mamlakat boks federatsiyasi ijrochi direktori Rob Makkrakenning taʼkidlashicha, Angliya olimpiya terma jamoa aʼzolari toʻliq tarkibda Sheffild shaharchasidagi oʻquv-mashgʻulot sport bazasida mashgʻulotlarga kirishgan. 2021-yili Tokioda oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlari boshlanishiga 12 oy atrofida qisqa vaqt qolayotganligi sportchi va murabbiylardan yuqori bosimda tayyorgarlik koʻrishni talab etadi.

Janubiy Koreyada “Taekvondo qishlogʻi” bunyod etiladi

Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligining maʼlum qilishicha, joriy yil iyun oyining soʻnggi kunlarida mamlakatning Mudju mintaqasida “Taekvondo qishlogʻi”ning qurilishi boshlanadi.

Dunyo yoshlarini koreys milliy sporti taekvondoga oʻrgatish uchun bunyod etilajak maskanga hisob-kitoblarga koʻra, 9,5 millard funt sterling(6,3 mln funt sterling/ 7,8 mln AQSH dollari) miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Mutaxassislarning bildirishicha, 53 000 kvadrat metr maydonni qamrab oladigan “Taekvondo qishlogʻi” barcha infrotuzilmalarni qamrab olgan xolda bunyod etiladi va keyingi yili foydalanishga topshiriladi. Bu yer nafaqat sportchilarning, balki Koreyaga tashrif buyuradigan barcha kishilar uchun sevimli maskanga aylanadi, deya taʼkidlanadi “Yonhap” xabarida.

Yaponiya daʼvogarlar safidan chiqdi

25-iyun kuni FIFAning onlayn yigʻilishida 2023-yili futbol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbon mamalakat nomi eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Biroq, ushbu dunyo birinchiligiga daʼvogar davlatlardan biri boʻlgan Yaponiya ushbu jahon chempionati mezbonligidan oʻz nomzodini qaytarib oldi. Bu haqda bugun Yaponiya futbol assotsiatsiyasining rasmiy sayti eʼlon qildi.

Ayollar oʻrtasidagi 2023-yilgi jahon chempionatini oʻtkazishga yaponlardan tashqari Kolumbiya va Avstraliya/Yangi Zelandiya joʻftligi daʼvogarlik qilayotgandi. FIFA mutaxassislarining xisobotlarida qayd etishlaricha, avvaliga Yaponiyaning imkoniyatlari yuqori edi, endilikda esa Avstraliya/Yangi Zelandiya ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatining “egasi” boʻlishga asosli boʻlib qolmoqda.

Yaponiya futbol asssotsiatsiyasi prezidenti Koza Tashimaning FIFAga taqdim etgan axborotida keltirilishicha, Yaponiya hukumati karonovirus oqibatida bir qator moliyaviy muammolarga duch kelganligi natijasida Yaponiyaning daʼvogarlar safidan chiqishiga olib kelgan.  

Toʻlqin ROʻZIYEV.