Avval xabar berganimizdek, madaniy sohada xalqaro aloqalarni yana-da mustahkamlash, yangi hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish maqsadida, Turkiya davlatida xizmat safarida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi ijodiy jamoasi III- Xalqaro turk dunyosi festivalida ishtirok etdi.
Shu kuni, kunning birinchi qismida delegatsiyamizning ijodiy jamoasi Istanbul shahri Maltepe meriyadagi muhtasham madaniyat markazida navbatdagi tadbirlarga tayyorgarlik koʻrdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa ushbu madaniyat markazida Maltepe tumani meri oʻrinbosari Kanan Dener xonim hamda TURKSOY tashkiloti rahbari Dusen Kaseynov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda xalqaro madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirish, TURKSOY tashkilotining turk dunyosi mamlakatlari madaniyatini saqlash va targʻib qilish, bu orqali turkiy xalqlarning birligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlari eʼtirof etildi.
Shuningdek, 2020 — 2021-yillarda “Xiva shahri — turkiy dunyo madaniy poytaxti” doirasidagi loyihalar bilan bilan tanishtirildi.
Kanan Dener xonimga Xorazm diyoridan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, madaniyat markazining galeriyasida TURKSOY tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Oʻzbekiston, xususan, Xiva shahriga bagʻishlangan fotokoʻrgazma, hunarmandchilik koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Bundan tashqari, “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi tomonidan “smart muzey” loyihasi namoyish etildi.
Ushbu loyiha tashrif buyuruvchilar tomonidan juda katta qiziqish bilan qarshi olindi.
100 ga yaqin kartinani oʻz ichiga olgan fotokoʻrgazmada Xiva shahridagi tarixiy obidalar, viloyatning oʻziga xos turizm salohiyati bilan tanishtirildi.
Tadbir davomida xalqaro TURKSOY tashkiloti tomonidan tayyorlangan turkiy dunyo mamlakatlarining qoʻshma konserti boʻlib oʻtdi.
Badiiy qismda viloyatimiz ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan teatr chiqishlari, milliy kuylar, qoʻshiq va raqslar guldastasi taqdim etildi.
Festivalning ikkinchi kuni TURKSOY tashkilotining rejasiga binoan oʻzbek delegatsiyasi aʼzolari uchun Istanbul shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.
Festival doirasida TURKSOY vakillari boshchiligida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston delegatsiyalari Marmara dengiziga chiqishib, goʻzal manzara va xushhavosidan bahramand boʻlishdi.
Katta taassurotlar bilan dengizdan qaytgan oʻzbek delegatsiyasi Istanbuldan Karaman shahriga yoʻl oldi.