Jumladan, Fransiya Respublikasi savdo boʻyicha vazir-delegat Oliver Besht bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, energetika, suv taʼminoti, issiqlik taʼminoti, geologiya va boshqa sohalardagi yirik loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashildi. Metall, kimyoviy mahsulotlar, shisha, toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni, shu jumladan GSP+tizimining qulaylik va imtiyozlaridan foydalangan holda yetkazib berish boʻyicha oʻzaro savdo nomenklaturasini kengaytirishga kelishib olindi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Bosh direktori Remi Riu bilan suhbat chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori dinamikasi qayd etildi. FTA ning PROPARCO va Expertise France boʻlinmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2023-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasini imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi.

EDF kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda kompaniyaning Oʻzbekistonning Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi joriy loyihalarini amalga oshirish jarayoni muhokama etildi. Kompaniya vakillari Toshkent va Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasida jami quvvati 1 250 MVt boʻlgan yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini yanada ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishdilar.

“SUEZ” direktorlar Kengashi raisi Sabrina Sussan bilan uchrashuvda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatining suv taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tashkiliy jihatlari toʻxtalib, bunda kompaniya tajribasini Oʻzbekistonning boshqa hududlarida suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirishga kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Kompaniyaning shaharlarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish va qattiq chiqindilarni boshqarish loyihalarida ishtirok etishini nazarda tutgan holda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Shuningdek, “EIFFAGE” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Yakkabogʻ - Qarshi yoʻnalishi boʻyicha magistral suv quvurini oʻtkazish loyihasi muhokama etildi. Quvurning uzunligi 82 kilometr, suvni saqlash uchun 4 ta suv havzasi mavjud. Tomonlar loyihani jadal amalga oshirish choralarini koʻrishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.