Materialda mashhur o‘zbek ikati chet elda tobora mashhur bo‘lib borayotgani qayd etilgan. Asl naqsh, yorqin ranglar va tabiiy tolalar bu matoni moda ixlosmandlari va ayollar orasida, shu jumladan Germaniyada juda mashhur qilmoqda.

Brend asoschisi, madaniyatshunos va dizayner Aleksandra Yagdfeld  2019 yilda  Berlinda o‘zining  birinchi atelesini ochdi.  Savdo do‘konida faqat ayollar  xalatlari sotiladi. “Men bir necha hafta davomida naqshlarni o‘rganish, ularning hajmi, alohida elementlarini tanlash va ularning ranglarini tuzib chiqaman, - deydi dizayner.  - Bir necha yil avval O‘zbekistonga borganimda hunarmandchilik ustaxonalari faoliyati bilan tanishdim. Mahalliy hunarmandlarning san’atini ko‘rib hayratga tushdim.  Keyin o‘z brendimni yaratish uchun  ikat to‘quv texnikasini joriy etishga qaror qildim”.

Maqolada qayd etilishicha, Aleksandra Yagdfeld tomonidan ishlab chiqarilgan  dastlabri  ikat matolarining naqshlari odatdagidek chiqmagan. O‘zbek hunarmandlari bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi natijasida esa yuqori sifatli matolar ishlab chiqarila boshlandi.

Materialda ta’kidlanishicha, dizayner shu kunga qadar ikkita to‘plamni chiqardi. Birinchisi 2019 yilda  namoyish etilgan. Ularning har biri paxta va ipak tolalaridan iborat ikatdan tikilgan to‘qqizta chopondan iborat. «Bitta chopon tayyorlash uchun o‘n bir metrgacha ikat kerak. Uni tikishga esa uch haftadan ko‘proq vaqt ketadi, - deydi Aleksandra Yagdfeld. – Lekin men ataylab faqat eski to‘quv texnikasidan foydalanaman».

Bu esa uning mahsulotlari narxining ancha yuqoriligining asosiy sababidir. Aleksandra Yagdfeld to‘plamlaridagi bitta xalatning  narxi 3 ming 200 yevroga teng, deb yozadi maqola muallifi.

«Liboslarning  rang-barangligi tez e’tiborni tortadi. Ehtimol shuning uchun ham ular kundalik foydalanish uchun mos emasdir, - deydi dizayner. - Lekin siz ularni kiyganingizda, o‘zingizni  sayohat qilgandek his qilasiz».