Hozir Z.Kamolova Istanbul tijorat universitetida xalqaro katta tadqiqotchi hamda 2020-2021 oʻquv yilidan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turkshunos talabalarga vatandosh oʻqituvchi sifatida Turkiya tarixi fanidan masofaviy taʼlim bermoqda.
— Xudoyorxon Oʻzbekiston davlat tarixida oʻrganilishi lozim boʻlgan muhim tarixiy shaxs. Shu kungacha u va uning davri toʻliq oʻrganilmagan. Qoʻqon xonligi umumiy tarixi, boshqaruv masalalari ichida siyosiy jarayonlar soyasida tilga olinadi. Xudoyorxon eng qaltis davrda, eng murakkab siyosiy jarayonlar ichida boshqaruvchilik vazifasini yelkasiga olgan, yaxshi va yomon jihati bilan toʻgʻri va xatolari bilan chorak asr mobaynida Qoʻqon xonligini idora qilgan tarixiy shaxs sifatida muhim figura hisoblanadi. Xudoyorxon haqida xalqimiz orasida koʻpincha salbiy tasavvurlar mavjud. Asarni yozishda asosan birlamchi manbalardan foydalanildi. Qoʻqon xonligiga oid qirqqa yaqin yozma manbaning aksariyatidan foydalanildi, — deydi Z.Kamolova.
Asarda Qoʻqon xonligining soʻnggi hukmdori Xudoyorxon, uning hayoti, shaxsiyati, siyosiy faoliyatlari, davlatning ijtimoiy-madaniy jihatlaridagi taʼsirlari hamda uning zamonidan bugunimizga qolgan moddiy madaniy meros haqida maʼlumotlar joy olgan. Shuning bilan bir qatorda XIX asrda Xudoyorxonning boshqaruv davriga toʻgʻri kelgan Chor Rossiyasining Oʻrta Osiyoni bosib olish voqealari tilga olinadi.