Unda respublikamizdagi 120 ta oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari, olimlar ishtirok etdi.

Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori oʻrinbosari Farrux Aminov hamda Springer Nature kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakili Irina Aleksandrova soʻzga chiqdi.

— Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy-innovatsion salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirish, mamlakatimizda olib borilayotgan tadqiqotlar sifati va samaradorligini taʼminlash, shuningdek, xalqaro ilmiy nashrlarda oʻzbek mualliflari tomonidan chop etiladigan maqolalarning soni va sifatini oshirish masalalari alohida ahamiyatga ega, — dedi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori oʻrinbosari Farrux Aminov.

Vebinar davomida I.Aleksandrova ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va yetakchi ilmiy maʼlumotlar bazalarida mahalliy olimlar tomonidan chop etiladigan maqolalar sifati va miqdorini oshirish mavzularida soʻz yuritdi. Bundan tashqari, vebinar davomida olimlarning ilmiy tadqqotlarida uchraydigan hatoliklar va muammolar toʻgʻrisida fikr almashildi. Seminar soʻngida Oʻzbekiston vakillari Springer Nature kompaniyasi vakiliga oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha murojat qildi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, Springer Nature dunyodagi eng yirik ilmiy nashriyotlardan biri hisoblanadi. Dunyoning yetakchi olimlari va Nobel mukofoti laureatlari oʻz ilmiy ishlarini mazkur nashriyot jurnallarida chop ettiradi. Springer Nature nashriyoti ayni paytgacha xalqaro reytingga kirgan 3,5 mingdan ortiq ilmiy jurnal, 250 mingdan ortiq ilmiy kitob, 50 mingdan ortiq protokol chop etdi. Barcha tarmoq va yoʻnalishlar boʻyicha dunyodagi eng yirik maʼlumotlar bazasiga egalik qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Springer Nature kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga binoan, 2021-yil 1-yanvardan respublikamizdagi 105 ta ilmiy tadqiqot va oliy taʼlim muassasasi Springer Nature kompaniyasining elektron resurslaridan bepul foydalanishi mumkin.