Tadqiqot natijalari nufuzli “Chemical Engineering Journal” xalqaro ilmiy jurnalida eʼlon qilinib, jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etildi.

Maʼlum qilinishicha, ishlab chiqilgan gidrogel yuqori yopishuvchanlik, elastiklik, antibakterial va antioksidant xususiyatlarga ega. U yarani tashqi omillardan himoya qilib, yalligʻlanish jarayonlarini kamaytiradi hamda toʻqimalar regeneratsiyasini tezlashtiradi. Gidrogel tarkibida polivinil spirt, midiya musini, temir ionlari va artemizinin qoʻllanilgan boʻlib, ikki tarmoqli tuzilishi uning mexanik mustahkamligini taʼminlaydi.

Tajriba natijalari gidrogel bakteriyalarga qarshi yuqori samaradorlikka ega ekanini, oksidlovchi stressni pasaytirish va yara bitishini ragʻbatlantirishini koʻrsatgan. Bu esa infeksiyalangan yaralarda sogʻayish muddatini qisqartirish imkonini beradi.

Texnika fanlari doktori, professor Haydar Yunusovning taʼkidlashicha, mazkur gidrogel anʼanaviy bogʻlamalardan farqli ravishda faqat yarani yopish bilan cheklanmay, bir vaqtning oʻzida bakteriyalarga qarshi taʼsir koʻrsatadi, yalligʻlanishni nazorat qiladi va toʻqimalar uchun qulay nam muhit yaratadi. Shuningdek, u nam muhitda ham teriga mustahkam yopishishi, biomuvofiqligi va xavfsizligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislar ushbu innovatsion ishlanmani tibbiyot amaliyoti uchun istiqbolli yechim sifatida baholamoqda. Qayd etilishicha, bunday ishlanmalar milliy ilm-fan salohiyatining yuksalayotganini yaqqol namoyon etadi.