Uchrashuvda iqtisodiyot va suv-energetika sohasidagi hamkorlikka urgʻu bergan holda oʻzbek-qirgʻiz munosabatlarini chuqurlashtirish yoʻllari, shuningdek, Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining yaqinda Qirgʻizistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi muhokama qilindi.
Yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat masʼul vazirlik va idoralarining oʻzaro tashriflarini tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtomobil ishlab chiqarish va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Transport va infratuzilma sohasida qoʻshma loyihalarni, jumladan, “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar ustida ishlandi. Ikki mamlakat hududlari orqali oʻtadigan yangi transport va logistika yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyasining 9-yigʻilishida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda komissiyaning navbatdagi yigʻilishi kun tartibidagi masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida oʻzaro munosabatlarning koʻrib chiqilgan barcha yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qoʻshma harakatlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.