Unda o'zbek qizining iqtisodiyot yo'nalishidagi ilmiy faoliyati, yaratgan dastur va loyihalari haqida so'z borar ekan, bu yo'nalishda u dunyoning ilg'or xotin-qizlari qatorida tilga olinadi. Kitob qisqa vaqtda jahonning 26 davlatida sotildi. Okean ortida faoliyat olib boradigan sayyoramizdagi eng mashhur platformalardan biri Go'zalga boshqa loyihalar bo'yicha ham takliflar bilan chiqdi. Ayni paytda o'zaro hamkorlikda bir qancha loyihalarni amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Qator xorij davlatlarida tahsil olib, jahonning nufuzli tashkilotlari a'zosiga aylangan Go'zal Hakimovani ko'p bor faoliyatini chet elda davom ettirishga ham chorlashgan. Ammo uni otasi kabi doim Vatanda qolishga undaydigan kuch bor. Qahramonimiz ana shu kuch nima ekani, xalqaro iqtisodchi sifatidagi faoliyati, jahon maydonidagi o'rni, yurtimizda amalga oshirayotgan loyihalari haqida gapirib berdi.
Qarorimdan afsuslanmayman
— Toshkent shahrida tug'ilib, voyaga etdim. Turli soxa egalaridan iborat avlodlarning davomchisiman, — deydi u. — Shajaramizda shifokor, murabbiy, tarjimon, tabib, arxitektor, muxandislar bo'lgan. Shuning uchunmi, oilamizda doim ilm olishga katta e'tibor qaratilgan, bu borada hech qanday cheklovlar qo'yilmagan. Hozirgacha kuniga bir necha soat vaqtimni kitob o'qishga ajrataman. Kasb tanlashda ham biz uchun chegaralar belgilanmagan. Qiz bola bo'lishimga qaramasdan bolaligimdan iqtisodiyotga qiziqdim. Ta'limning barcha bosqichlarini moliya yo'nalishida davom ettirdim. Ammo bu boshqa qiziqishlarimga to'siq bo'lmadi. Shu kungacha 7 xil yo'nalish — moliyachi, investor, tarjimon, kadrlar inspektori, hamshira, biznes-murabbiy, targetolog mutaxassisliklari bo'yicha amaliyotga egaman. Ammo baribir, asosiy kasbim ham, yo'nalishim ham xalqaro iqtisodchi.
Mendagi aniqlik, kuchli xotira, iqtisodiyotga oid qobiliyat rahmatli otamdan meros o'tgan, deb o'ylayman. Ular ilmni sevadigan, rus va nemis tillarida erkin so'zlasha oladigan inson edilar. Germaniya hukumatidan o'sha yerda yashab qolish taklifi tushganida, rad etib, o'z yurtlariga kelib oila qurganlari haqida gapirib berardilar. Otam hech qachon moddiy boylik orttirishga intilmadilar, faqat o'qish, ilm olishgina ularni xursand qilardi. Onam ham ularga mos ravishda uch tilni biladilar. O'zimcha, oilamizni dunyoviy ilmlar nuktasi, deb ta'riflayman. Ana shu nuqtada biz farzandlar ham ilmga qonib voyaga etdik.
Oilada yuzaga kelgan moddiy qiyinchiliklar, qolaversa, katta farzand ekanim, erta ulg'ayishimga turtki bo'ldi. 2005-yilda Toshkent Islom Universitetiga shartnoma asosida o'qishga kirganim uchun hujjatlarimni qaytarib olganim esimda. Keyin Yaponiya va Germaniyadagi nufuzli universitetlarda o'qish taklifini oldim. Otam qarz olib bo'lsa ham o'qitishlarini aytib, xorijda tahsil olishimni juda istadilar. Ammo men ularni qiynagim kelmadi. Voz kechganim arzimas narsa, men hali bundanda katta ishlarni amalga oshiraman, degan maqsad bilan Toshkentda qoldim. Va bundan hech qachon afsuslanmayman.
Bilim — eng yaxshi investitsiya
Go'zal oldiga qo'ygan maqsadiga erishdi. Tasodifan emas, balki katta mehnat, mashaqqat, intilish ortidan quvib, voz kechganlarining o'rnini to'ldira boshladi. Qizig'i, xorij davlatlarida tahsil olishi uchun unga vizalar-u, reyslar kerak bo'lmadi. Qizaloq barcha muvaffaqiyatlari “eshigi”ni rahmatli otasining xonasida o'tirib birma-bir ochdi. O'qidi, izlandi, iqtisod yo'nalishida kurslar sotib olib, bilimlarini rivojlantirdi. Xorij oliygohlarida masofaviy ta'lim oldi.
Yurtimizda o'qish orzusini ham nihoyat amalga oshiryapti. Hozir Toshkent Xalqaro Moliyaviy boshqaruv va Texnologiyalar universiteti talabasi. Shu bilan birga, Amerika Fond Birjasi bo'yicha masofaviy taxsil oladi. Buyuk Britaniyaning Lordlar palatasi a'zolari ishtirokidagi darslarida ham qatnashib kelmoqda. 2021-yilda Biznes va investitsiya bo'yicha Dubaydagi Ivan Grosh, Moskvadagi Aleksandr Yanovskiy, Germaniyadagi Bodo Shefer kurslarini onlayn tamomlagan.
Ayni vaqtda xorijiy kompaniyalarning birida ish boshqaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Hamkorlik asosida tashkilotlarga iqtisodiy maslahatlar ham berib boradi. Shu bilan birga, Amerika, Indoneziya, Argentina, Pokiston, Misrdagi yirik xalkaro tashkilotlarning ta`lim, hamdo'stlik, ilm-fan, yangilik yaratish yunalishlari buyicha rasman a`zosi hisoblanadi. Bunday yirik tashkilotlarga hech kim shunchaki qabul qilinmaydi. Go'zalning loyihalari, dasturlari xorijliklar tomonidan e'tirof etilayotgani sabab, doimiy hamkorlikka chorlanmoqda.
— Faoliyatim davomida ko'plab davlatlarning iqtisodiy holatini o'rganib, tahlil qilishimga to'g'ri keladi, — deydi Go'zal Hakimova. — Masalan, Amerikani olaylik. Iqtisodiy imkoniyatlari ancha rivojlangan bo'lishiga qaramay, har qanday loyihani qo'llab-quvvatlashga doim tayyorligi meni hayron qoldiradi. Faqat sun'iy intellektning inson tanasiga maxsus chip kuyib, uni boshkarish mumkinligiga oid loyihani rad etdi. Chunki buning jiddiy oqibatlarini ular tushuna oladi va insondan tashqari, barcha loyihalarni moliyalashtiradi. Buyuk Britaniyada esa iqtisodni yaxshi nazorat qilish maqsadida soliq siyosati aniq tizimga solingan va uning ijrosi to'liq ta'minlanadi. Shuningdek, ushbu davlat ichki pul mablag'larini boshqarishda ham etakchilar qatorida turadi.
Oxirgi yillarda yurtimizga jahonning eng rivojlangan davlatlari tajribasi, ommalashgan loyihalari kirib kelayotgani, ularga keng yo'l ochilayotgani meni quvontiradi. Iqtidorli yoshlar, loyiha yaratuvchilar o'z ishlari bilan mamlakatimizga investitsiya jalb qilmoqda. Bo'sh pul mablag'larini kamrab oladigan shaffof tashkilotlar ochilib, yildan-yilga faoliyatlari mustahkamlanib boryapti.
Bu borada marralar baland olinayotgani barchaga birdek qo'l keladi. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada ta'kidlaganidek, joriy yil iqtisodiyotga 30 milliard dollar sarmoya, jumladan, 25 milliard dollar xususiy investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan. Natijada qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ortiq loyihalar ishga tushiriladi, 40 ta yangi yirik loyiha ish boshlaydi.
Aslida, har narsaning negizida iqtisodiyot yotadi. Kichik oila byudjetidan tortib, mamlakatning harakat oqimigacha bari iqtisodiyotga bog'liq. Ammo bu soha bir maromda ketadigan yo'nalish emas. Iqtisodiyotda doim ko'tarilish va tushish holatlari yonma-yon yuradi. Me'yorni ushlab turish uchun aniq va samarali echimlar zarur. Ana shu yechimlarni bera oladigan malakali iqtisodchilarga esa doim talab yuqori.
Umuman, har qaysi sohada bo'lmasin, yetakchiga aylanish uchun ko'proq o'qish va o'rganish kerak. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy asrimizda bunga talab juda katta. Shu bois, o'quvchilarimga hamisha o'qishdan to'xtamasliklarini aytaman. Iqtisodiyot tobora raqamlashib boryapti, bunday sharoitda zamonaviy bilimlarni egallamasdan turib, yangilik yaratish qiyin. Olingan bilimlar esa insonning o'zi bilan qoladi va qachonlardir uning boshqalarga ham nafi tegadi.
Mashhur xorij kompaniyasining kutilmagan taklifi
Go'zal yosh iqtisodchilarning ko'proq ilm olishi, yangi loyihalarini amalga oshirishi uchun investitsiya ham kiritadi. Hozir o'quvchilari orasida uning moliyaviy ko'magi yordamida katta ishlarni boshlaganlari bor. Qahramonimizning o'zi ham bir qator loyihalarga qo'l urgan. SHulardan biri “onlayn klub”dir. Unda turli soha egalari jam bo'lib, iqtisodiy mavzularda suhbatlashadi, fikr almashadi. Ularni hayotlarini yanada yaxshilash, o'z bizneslarini boshlash maqsadi birlashtiradi.
A'zolar orasida xorijliklar ham ko'p. “Onlayn klub”da muntazam ravishda moliyaviy, iqtisodiy ma'lumotlar berib boriladi. Soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida ovozli suhbatlar, vebinarlar o'tkaziladi. Turli loyihalar asoschilari onlayn muloqotlarga taklif etiladi. Ular o'z bilimlari, tajribalarini ishtirokchilar bilan bo'lishadi. Klub a'zolarining ko'pchiligi olgan bilimlarini faoliyatida samarali qo'llab kelmoqda. Shu bois, aksariyati shaxsiy biznesiga ega bo'lgan.
Go'zalning “Mustahkam poydevor” nomli amaliy-tajriba dasturi esa jamiyatda moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan. Bugunga qadar yurtimiz va xorijiy davlatlardan mingdan ortiq yoshlar dastur asosida o'qib, olgan bilimlarini amaliyotda qo'llab kelmoqda.
— Dastur 2021-yilda yaratilgan bo'lib, jamiyatda moliyaviy savodxonlik hamda investitsion muhitni barqarorlashtirish, talabalarni amaliyotga tayyorlash, boshlang'ich va doimiy kapital yig'ish, himoya yostiqchasini yaratish, kichik va o'rta biznesni rivojlantirish, o'z qobiliyatlarini aniqlash kabi vazifalar maqsad qilib olingan, — deydi Go'zal Hakimova. — Bu dasturni yozishimga universitet talabalari sababchi bo'lgan. Gap shundaki, oliy ta'lim jarayonida amaliyotlarga chuqur tayyorgarlik ko'rish, maqsad qo'yishda ikkilamchi qarorlarga chalg'imaslik, ta'lim jarayoni bilan amaliyotning farq qilishi, soxta tashkilotlarga aldanib qolish va boshqa ko'plab savollarga oydinlik kiritish maqsadida ushbu dasturni ishlab chiqdim. U 22 xil yo'nalishni o'z ichiga olgan bo'lib, xorij ta'limi asosida o'qitiladi. Loyihani AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Norvegiya, Dubay ta'lim standartlarining O'zbekiston qadriyatlariga moslashtirilgan metodikalar yig'indisi deyish mumkin.
Dastur zamonaviy kasblar haqida ham ma'lumotlar berib, insonning aniq maqsad qo'yishiga yordam beradi. Darslar barcha o'quvchilar bilan yakkama-yakka tarzda o'tiladi. Barchaning shaxsiy daxlsizligi ta'minlanadi, so'z, fikr erkinligi ortadi. Ayni paytda dastur formatini yangilab borish ustida izlanyapman. Chunki dastur o'zimdan ham ko'proq bilimlarni talab qiladi. Uning foydalanishga qulayligi, hatto, internet o'chganda ham fayllarni ko'rish va takrorlash mumkinligi ko'pchilikda qiziqish uyg'otadi. Darslarni istalgan davlatda turib o'rganish mumkin. Maxsus fayllar ma'lumotlarni to'ldirib, aniqlashtirib boradi.
Rus, ingliz, turk tillarida so'zlasha oladigan Go'zal har doimgidek, yangi bilimlarni egallash ustida ishlamoqda. Ayni paytda Amerika fond birjalarini o'qib o'rganish barobarida, xorijning katta tajribaga ega ekspertlari, moliya sohasi bilimdonlari, mashhur iqtisodchilardan ta'lim olyapti. Nufuzli tashkilotlar a'zosi sifatida jahon maydonida ham bu o'zbek qizining o'z ovozi bor.
— Gender tenglik masalasi hozir demokratik davlatlarda kun tartibida turgani rost, — deydi Go'zal Hakimova. — Bu borada jahon xalqlarining erishayotgan yutuqlari ham, kamchiliklar ham etarlicha. Ammo men mamlakatimiz misolida gapirishdan doim faxrlanaman. Chunki azaldan xotin-qizlari qadrlangan bu yurtda oxirgi yillarga kelib, har sohada ularni qo'llab-quvvatlash, ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi, mehnat qilib, qo'shimcha daromad topishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganiga guvohmiz. Imtiyozlar ularni ruhlantiryapti, marralar sari undayapti. Men ham ana shu jamiyatning bir vakilasi sifatida o'z kasbimda yanada ko'proq yutuqlarga erishish, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo'shishni maqsad qilganman.
“Amazon” platformasi Go'zal Hakimovaga o'z muallifligidagi kitobini chop ettirish taklifini ham bergan. Mashhur kitob ishlab chiqaruvchi kompaniyaning bu taklifi qahramonimiz uchun kutilmagan bo'ldi. Buning uchun katta bilim talab etilishi, mas'uliyati yuqori ekanini ham yaxshi biladi. Ammo o'ziga bo'lgan ishonchi sabab taklifga rozilik bildirgan va bu borada harakatni boshlab yuborgan. Yaqin yillarda Go'zal Hakimova Amerikaning mashhur kompaniyasida kitobi nashr etilgan birinchi o'zbek qiziga aylansa ajab emas.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 02.05.23-y, 84-sonida chop etildi)










