“Oʻzbek qizi” filmi eng yaxshi film deb topildi

    Oʻzbekiston xalq artisti Mukambar Rahimova oʻzbek kinosiga qoʻshgan hissasi uchun taqdirlandi.

    Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida “Oltin Humo” milliy kinotaqdimotining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimni Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchanovlar oʻz nutqi bilan ochib berdi.

    Shundan soʻng Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov Oʻzbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovani oʻzbek kinosiga qoʻshgan hissasi uchun taqdirladi.

    Bundan tashqari Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov va Xitoyning “Jinsanqi” madaniy kompaniyasi rahbari Syao Szinsyansi oʻrtasida Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Bir makon - bir yoʻl” Samarqand xalqaro kinofestivalini oʻtkazish boʻyicha memorandum imzolandi. Xitoylik investor Samarqandda oʻtkaziladigan festival haqida maʼlumot berdi.

    “Oltin Humo” milliy kinotaqdimotida “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida “Doktor Abdullayev” filmidagi ijrosi uchun Rustam Karimov, “Eng yaxshi ayol roli”da esa “Sudya” filmidagi ijrosi uchun Shodiya Abduqodirova taqdirlandi. Shokir Xoliqov rejissyorligidagi “Yakshanba” filmi “Eng yaxshi ssenariy ishi” va “Eng yaxshi rejissyor ishi” nominatsiyalarida gʻolib boʻldi. “Eng yaxshi film” esa “Oʻzbek qizi” kinokartinasi deb topildi.

    Sovrinlar Senat raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, “Qozoqfilm” direktori Azamat Satibaldi, “Lendok” hujjatli filmlar kinostudiyasi rahbari Aleksey Telnov, “Turksoy” tashkiloti matbuot kotibi Selim Ezer kabi xorijlik mehmonlar hamda Afzal Rafiqov, Tesha Moʻminov, Raʼno Zokirova, Raʼno Shodiyeva kabi mashhur aktyor va aktrisalar ishtirokida topshirildi.