Dunyoda minglab tillar mavjud. Lekin, ona tilimiz eng ulugʻ tillardan biri hisoblanadi. Ulugʻlarimiz behudaga “Tilga eʼtibor-elga eʼtibor deyishmagan”. Ona tilimizning qadriga yetish va uning sofligini saqlab qolish ayniqsa, kelajak avlodlarga bekamu-koʻst yetkazish har birimizdan juda katta masʼuliyatni talab qiladi.
Hozirgi kunda televideniye va radiodagi ayrim koʻrsatuvlar, eshittirishlar yoki reklama roliklarini koʻrganimizda xafa boʻlib ketamiz. Misol uchun, “Grenvorld” kabi sharbat reklamalari yoki radioda chiqayotgan suxandonlarimizning axir tokaygacha “Sutni qayta ishlash zavodi” degan iborasiga chidaymiz. Asliyatda esa “Sutni qayta ishlash korxonasi” deyilsa olam ustiga olam, nur ustiga nur boʻlar edi. Shunda biz soʻzlarning joʻyali va aniq ravon ifodalanganini koʻramiz.
Endi oʻzingiz bir oʻylang Statistik maʼlumotlarga qaraganda bugungi kunda yer yuzida yashayotgan insonlarning ellik milliondan ortigʻi oʻzbek tilida soʻzlar ekan. Soʻzlashuv ham yuksak maʼnaviyatimizning bir boʻlagi hisoblanadi. Bugun bir savol bizni juda ham oʻylantiradi. Bundan yigirma yil avvalgi texnika bilan bugungilarini tenglashtirib koʻring.
Osmon bilan yercha farqi bor. Lekin hamma narsa meʼyorida boʻlsa yaxshi boʻlar edi. Chunki til maʼnaviyatimizning tip-tiniq bulogʻidir. Dono xalqimiz qozonda boʻlsagina choʻmichga chiqadi deyishadi. Yoki koʻcha-koʻyda jamoat transportida hattoki oliy oʻquv yurti talabalari oʻrtasida onda-sonda eshitib qolganimiz bor. Yaʼni “Paxan”, “Bratan” yoki “Kukla” xohlaymizmi yoʻqmi bugungi kun yoshlari shunday soʻzlarni eshitib ulgʻaymoqda.
Birinchi navbatda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborni har birimiz oilamizdan boshlashimiz kerak. Chunki oʻzbek tili bu har bir insonning haqiqiy madaniyatini koʻrsatib turadi va qachon biz oʻzimizni tilimizni aholi oʻrtasida maʼnaviyatini, madaniyatini oshirsak hamda internet tarmoqlarida oʻzbek tili nuqtayi nazaridan yuksak darajaga koʻtarsak taʼlim va muassasalarda davlat tilini oʻrgatishni darajasini baholash tizimi darajasiga koʻtarsak ona tilimizni ilm fan sifatida, maʼnaviyat sifatida nufuzini oshirsak shundagina aholining oʻrtasida nutq madaniyati oshadi.
Shundagina Davlat tilining xalqaro miqyosidagi oʻrni va nufuzi yanada oshadi. Yana shuni aytib oʻtish mumkinki biz hamma tashkilotlarda boshqa millatga mansub fuqarolar uchun oʻzbek tili darsliklari va oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslarni koʻpaytirishimiz kerak. Shunda tilimizga boʻlgan munosabat yanada oʻzgaradi. Yoki umuman oʻzi mamlakatimiz ijtimoiy hayotida deylik harbiy sohada, tibbiyot sohasida, diplomatiya, huquqshunoslik, iqtisodiyot sohasida davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirishimiz kerak.
Til dengizga oʻxshaydi undan qancha simirib ichsang shuncha yana ichging kelaveradi. Shunday katta bir maʼnaviy boylikka ega ona tilimizni biz nufuzini oshirishimiz uchun, aholi gavjum joylarda kerak boʻlsa katta-katta tadbirlarda oʻzbek tiliga oid, tarbiyaviy ahamiyatga molik Imom Buxoriyga oʻxshagan ustoz allomalarimizning zamon bop bugungi kun talabiga javob beradigan hadislarni reklama roliklarini koʻpaytirishimiz kerak.
Ayniqsa, jamoat transportidagi oynai jahon orqali allomalarimizning tarbiyaviy ahamiyatga maʼnaviyatga xizmat qiladigan oʻzbek tilidagi hadislarini juda ham koʻpaytirib berib borishimiz kerak. Xudo xohlasa Oʻzbek tili davlat tili deb eʼlon qilinganiga ham 32 yil boʻladi. Shu munosabat bilan Mamlakatimizning hamma jabhalarida keng koʻlamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.
Shu singari Mirzo Ulugʻbek tumanida bu sohada maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tilga qancha eʼtibor qilsak shuncha xalqqa, Vatanga mehrimiz, sadoqatimiz ortib boradi. Chunki Ona tili bu har bir inson uchun eng katta aloqa vositasi hisoblanadi.
Dilafruz Jumaniyozova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mirzo Ulugʻbek tumani boʻlinmasi rahbari,
Nasriddin Botirovlar,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mirzo Ulugʻbek tumani boʻlinmasi bosh mutaxassisi