Prezidentimizning o'zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga yo'llagan bayram tabrigida aytilganidek: “Ana shunday sa'y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o'zining munosib o'rni va mavqeiga ega bo'lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do'stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi”.
Haqiqatan ham, o'zbek tilini xalqaro miqyosda baralla yangrayotgani barchamizga quvonch bilan birga ulkan mas'uliyat ham yuklaydi. endi bu boradagi ilmiy-amaliy ishlarni yangi bosqichga ko'tarish, o'zbek tilini o'rganaman, bebaho boyligini tadqiq etaman deganlar bilan hamkorlik ishlarni jadal olib borishni taqozo etadi.
O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori ilmiy tadqiqot institutida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari, professor, yosh olimlar bilan hamkorlikda dunyo miqyosida o'zbek tilining munosib o'ringa ega bo'lishi, ilmiy doirada yangi qirralarini tadqiq etishga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Xorijiy olim va adiblar ishtirokida tashkil etilgan “O'zbek tili va adabiyotini jahon miqyosida targ'ib etish: natija va vazifalar” mavzusidagi onlayn xalqaro ilmiy-ma'rifiy anjuman ham bu boradagi ishlarimizni yana bir pog'onaga olib chiqdi.
Anjuman Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilib, o'zbek filologiyasi sohasida tadqiqot olib borayotgan respublika va xorijdagi olimlar, tadqiqotchilar, doktorantlar va yosh olimlarning 100 nafarini qamrab oldi.
Taniqli tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov o'z so'zida bugungi kunda o'zbek tilini dunyo miqyosida keng o'rganilayotgani, chet eldagi oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tili kafedrasi mavjudligi til targ'ibotidagi muhim islohotlar natijasi ekanini ta'kidladi. Anjumanda so'zga chiqqan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov avvalo, barchani xalqimizning ertangi kunga bo'lgan yuksak ishonchi, birdamligi, hamjihatligi, yurt kelajagi uchun muhim bo'lgan saylov natijalari bilan qutlab, o'zbek tilini tadqiq etish nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham muhim ekanini bayon qildi.
Xususan, Pokiston, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg'iziston davlati va boshqa chet mamlakat olimlarining ma'ruzalari dunyoda o'zbek tili, adabiyoti va fol`klori tadqiqiga bo'lgan qiziqish oshib borayotganini ko'rsatdi.
Anjuman o'z ishini o'zbek tilishunosligi, adabiyotshunoslik va fol`klorshunoslik yo'nalishlarida alohida sho'balarga bo'lingan holda davom ettirdi. Sho'balarda muhokama qilingan mavzular kelajakda mazkur yo'nalishdagi ishlarni jadallashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Sitora Barliboeva,
O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori
instituti tayanch doktoranti.