Kuni kecha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzodani qabul qildi.
Unda oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi aloqalarini yanada mustahkamlash, adabiy jarayonlardagi hamkorlikni kengaytirish hamda kelgusidagi rejalarga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Sirojiddin Sayyid mehmonlarning tashrifidan, ular bilan yuzma-yuz koʻrishib turganidan xursandligini bildirdi. Davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari va hamkorlik aloqalari azaldan bardavomligini taʼkidladi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida tojik adabiyoti kengashi faoliyat olib borishi va aʼzolar ishtirokida qator ishlar bajarilayotgani aytib oʻtildi.
Shundan soʻng, Abdujabbor Aziz Rahmonzoda mehmondoʻstlik va iliq samimiyat uchun tashakkurini izhor qildi. Tarixan ikki qardosh xalqlarning turli sohalardagi rishtalari mavjudligidan faxrlandi. U oʻz nutqida oʻzbek ijodkorlarini Tojikiston Yozuvchilar ittifoqiga aʼzo qilish, tojik va oʻzbek adiblarining ijod namunalari jamlangan “Almanax”ni nashr etish joizligi kabi takliflarini berdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Ahmadjon Meliboyev, Nurboy Jabborov va boshqalar Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida tojik adabiyot targʻibotiga oid qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.
Shuningdek, uchrashuvda Tojikistonda nashr etiluvchi “Sharqnoma” jurnali bosh muharriri Jamshid Primov, xoʻjandlik shoir Oʻrinboy Usmonov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingani, Samarqandda “Durdonai Sharq” nomli jurnal nashr etila boshlangani, uning birinchi sonida Tojikiston xalq shoiri Nizom Qosim, tojikistonlik shoirlar Rustam Vahhob, Farzona Xoʻjandiy, Abdujabbor Surush va boshqalarning ham sheʼrlari bosilgani aytib oʻtildi.
Oʻrtaga tashlangan takliflar va rejalar xususida kelishib olindi. Ikki davlat vakillari esdalik sovgʻalarini qabul qilib oldilar. Muzokaradan soʻng, mehmonlar Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida boʻlib, uyushma faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist