Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston 7 oyda 21,5 ming tonnadan ziyod uzum eksport qildi.

Xususan, shu yilning 1-avgust holatiga, qiymati 18,9 million AQSH dollariga teng boʻlgan 21,5 ming tonna uzum mahsuloti xorijga eksport qilindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 ming tonnaga koʻp.

Qoʻmita shuningdek, uzum mahsulotining eksporti boʻyicha Qozogʻiston 12,5 ming tonna koʻrsatkich bilan yetakchilik qilayotganini maʼlum qildi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasiga 6,2 ming tonna va Qirgʻiz Respublikasiga 2,3 ming tonna uzum mevasi eksport qilingan.

Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston uzumlari 13 ta davlatga eksport qilingan. Ayniqsa, bu yil Germaniya, Litva va Turkmaniston bozorlarida Oʻzbekistonda yetishtirilgan uzum mahsuloti birinchi bor sotilmoqda.

Eksport qilingan mazkur uzum mahsulotining eng koʻp ulushi Fargʻona (6,2 ming tonna), Toshkent (4,3 ming tonna), Namangan (3,1 ming tonna), Xorazm (2,1 ming tonna) va Qashqadaryo (1,7 ming tonna) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keldi.