Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti prorektorlari Abdulhakim Salohiddinov va Tohir Sultonov, shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati markazi  huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Fayzullo Aʼzamov ishtirok etdi.

Yalpi muhokamalar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Markaziy Osiyoda o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishi va suv-energetika jabhasi bilan bog‘liq mavjud muammolarni birgalikda hal etish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va saʼy-harakatlari, Orol dengizining ekologik halokati to‘g‘risidagi maʼruzalari va taqdimotlari tinglandi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish to‘g‘risida»gi va «Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyalar qabul qilingani alohida qayd etildi. «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusini amaliy jihatdan hayotga tadbiq etishni taʼminlash maqsadida O‘zbekiston tomoni Germaniya bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi bildirildi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi doirasida yuqoridagi sohalarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida axborot, ilmiy g‘oyalar va ishlanmalar almashish uchun «Suv xavfsizligi platformasi bo‘yicha Toshkent maʼruzalari» platformasini faol qo‘llab-quvatlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Ushbu loyihani nemis hamkorlar bilan o‘zaro tajriba almashish uchun mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida uning 6-sessiyasini Toshkentda tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi.

GFZ xalqaro aloqalar kengashi aʼzosi Lyudvig  Shtroynk  “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad GFZ va Germaniyadagi boshqa ilmiy markazlar, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar hamda Markaziy Osiyodagi ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat ekanligini taʼkidladi.

«Ushbu hamkorlikning asosiy yo‘nalishi iqlim tadqiqotlariga qaratilgan, dedi Lyudvig Shtroynk. Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo va xususan O‘zbekistonning suv resurslarini kamaytirayotganidan xabardormiz. Bugungi taqdimotlarda tog‘larda kuzatilgan muzliklarning keskin erishi, bu esa, o‘z navbatida, suv resurslari hajmiga bevosita taʼsir ko‘rsatishi qayd etildi».

O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga safari doirasida Germaniyaning ilmiy-tadqiqot va atrof muhitini muhofaza qilish tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ishtirokida byudjeti  270 ming yevroga teng bo‘lgan «O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining suv resurslariga taʼsiri: qishloq xo‘jaligi va energetika sohalariga taʼsiri», shuningdek,  Germaniyaning agrar landshaft va yerdan foydalanish tadqiqot markazi  (ZALF) bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan, byudjeti 280 ming yevro bo‘lgan «Suv, energetika va oziq-ovqat tarmoqlarini barqaror rivojlantirish» loyihalarini hayotga tadbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.