Tadbirlarda asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Qirgʻiziston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri U.Karmishakov, Oʻzbekiston delegatsiyasiga esa Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarlik qildi.
Forumning ochilish marosimida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarning jadal rivojlanib borayotgani va shu tufayli bugungi kunda iqtisodiyotning ustuvor sohalarida yirik loyihalar birgalikda amalga oshirilayotgani va ishlab chiqilayotganini taʼkidladilar. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston qoʻshma korxonalarining soni ikki baravar koʻpaygani, savdo aylanmasi besh barobar ortgani va pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan 2020-yilda oʻzaro savdo hajmi 10 foizga oʻsgani taʼkidlandi.
Ikki mamlakat hukumatlarining muntazam va yaqin muloqotni oʻrnatishga tayyorligi bildirildi. Bu ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga kelayotgan barcha muammolarni tezkor tartibda hal qilish va ikki davlat ishbilarmon doiralarining yaqinlashuvi va oʻzaro manfaatli hamkorligi uchun sharoitlarni izchil yaxshilash imkonini beradi. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli joriy etishga har tomonlama koʻmaklashish orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston korxonalari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar ikki mamlakat xususiy biznes vakillari oʻrtasida uzoq muddatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, oʻzbek-qirgʻiz ishbilarmonlari hamkorligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish uchun ishonchli platforma sifatida Ishbilarmonlar kengashini tuzishni maʼqulladilar.
Biznes-forum davomida ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, tegishli vazirlik, idora rahbarlari hamda xususiy sektor vakillari ham soʻzga chiqdilar. Rasmiy qismdan soʻng “B2B” shaklidagi ikki tomonlama uchrashuvlar sessiyasi boʻlib oʻtdi, unda ikki mamlakat tadbirkorlari hamkorlik istiqbollari va aniq loyiha takliflarini muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Istiqbolli tarmoqlar – qishloq xoʻjaligi, mineral va organik oʻgʻitlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik va charm – poyabzal sanoati, ipakchilik tarmogʻi, turizm va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish salohiyati atroflicha ochib berildi. Shuningdek, biznes-forum qatnashchilariga har ikki mamlakatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiyalash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, investorlar huquqlarini himoya qilish, eksportni ragʻbatlantirish va biznes yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston va Qirgʻizstonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun u yoki bu sohada yaratilgan shart-sharoitlar bilan toʻliq tanishish, umumiy manfaatlar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va kelgusida birgalikda hayotga tatbiq etish uchun aniq loyihaviy takliflarni koʻrib chiqish imkoniga ega boʻldi.
Forum yakunlari boʻyicha oʻzbek va qirgʻiz tadbirkorlari oʻrtasida bir qator savdo shartnomalari hamda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolandi.