Oʻzbek-xitoy vaksinasi Misrga sotilishi masalasi muhokama qilindi

    Ayni paytda Oʻzbekiston va Xitoyda Omikron-Delta shtammiga (yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi) qarshi yangi rekombinant oqsilli vaksinaning xalqaro klinik tadqiqotlari oʻtkazilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniya vitse-prezidenti Pu Szyan (XXR) va Misr sogʻliqni saqlash va aholishunoslik vaziri oʻrinbosari Muhammad Hassan ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ZF-Uz-VAC2001 vaksinasining Oʻzbekistonda III-bosqich klinik sinovlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, hozirda vaksinani ishlab chiqarish jarayoni yoʻlga qoʻyilgani, mazkur tajriba Oʻzbekistonda turli xil yuqumli kasalliklarni oldini olishga qarshi yaratiladigan turli xil vaksinalarning yaratilishiga, ular ustida xalqaro miqyosda tadqiqotlar olib borishga zamin yaratishi qayd etildi.

    Xususan, ayni paytda Oʻzbekiston va Xitoyda Omikron-Delta shtammiga (yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi) qarshi yangi rekombinant oqsilli vaksinasining xalqaro klinik tadqiqotlari oʻtkazilayotgani aholi oʻrtasida koronavirusga qarshi vaksinalarning buster dozalari bilan emlanish darajasini oshishiga, aholi oʻrtasida kasallik qayta tarqalmasligiga xizmat qiladi.

    Uchrashuv davomida Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, sil kasalligiga qarshi soʻnggi avlod preparatlari muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida yuqumli kasalliklarga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi Markaz qoshida ilmiy laboratoriyalar ham boʻlishi va unda ikki davlat olimlarining hamkorligi yoʻlga qoʻyilishi aytildi.

    Shuningdek, tibbiyot xodimlariga muntazam ravishda malaka oshirish kurslari, trening-seminarlar tashkil etish orqali ularning dunyoning eng soʻnggi tajribalaridan boxabar boʻlishlari va amaliyotda qoʻllashlari taʼminlanishi mumkinligi aytildi.

    Uchrashuvda ishtirok etgan Misr sogʻliqni saqlash va aholishunoslik vaziri oʻrinbosari Muhammad Hassan Misr yuqumli kasalliklar dasturi rahbari, tibbiyot sohadagi taniqli olimlardan biri boʻlib, u bilan Oʻzbek-Xitoy vaksinasini Misrda roʻyxatdan oʻtkazish va foydalanishga ruxsat berish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.