Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Zohidov delegatsiya aʼzolarini mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, ikki davlat oʻrtasidagi turli sohalardagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
Suhbat chogʻida mehmonlarga keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida soʻzlab berildi. Jumladan, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash va oʻzaro manfaatli, amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarga batafsil toʻxtalib oʻtildi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Taʼkidlash lozim, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Indoneziya Respublikasining Xalq vakillari kengashi bilan “Oʻzbekiston – Indoneziya” doʻstlik guruhi faoliyat olib bormoqda. Oʻz navbatida, Indoneziya parlamentida ham Oʻzbekiston bilan parlament doʻstlik guruhi tuzilgan. Muloqotlar chogʻida munosabatlarni faollashtirishda mazkur doʻstlik guruhlari faoliyatidan keng foydalanish ayniqsa, qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi hamkorlikni jonlantirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda Supratman Andi Agtas mamlakatimizga ikkinchi marta kelishini taʼkidlab, soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy sohadagi islohotlar, mamlakat ijtimoiy hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar, tashqi siyosat, xususan mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslarni Indoneziya tarafidan toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Hozirda Indoneziya parlamenti tibbiy taʼlim boʻyicha qonun loyihasi ustida ish olib borayotganini aytib, loyihani yana-da takomillashtirish maqsadida Qonunchilik palatasi bilan hamkorlik qilishni taklif etdi.
Vakillar palatasi deputati Nurul Arifin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati noyobligi va professionalligi bilan ajralib turishi, jumladan, deputatlarning 32 foizini ayollar tashkil etishi va yoshlarning oʻziga xos oʻringa egaligini taʼkidlab, parlamentning gender tengligi nuqtayi nazaridan olib borayotgan faoliyatini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni turli darajada faollashtirish, ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha doimiy maslahatlar olib borilishiga kelishib olindi. Deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.