Uchrashuv chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamkorligining keng koʻlamli masalalari muhokama qilindi.

Investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash haqida soʻz yuritib, tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Hududlararo hamkorlikning II Forumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida mustahkam investitsiyaviy va savdo bitimlarini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasining turli hududlari maʼmuriyatlari rahbarlarining 42 ta oʻzaro tashrifi tashkil etilishi maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun: 2018-yilda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikning birinchi forumi yakunlari boʻyicha 2,7 milliard dollar miqdorida kelishuvlarga erishildi, shundan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir kelishuvlar umumiy summasi 1,5 milliard dollarni, savdo bitimlari boʻyicha esa – 1,2 milliard dollarni tashkil etdi.

Tomonlar ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish dolzarbligini qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan Moskvada “Made in Uzbekistan” Rossiya Federatsiyasida oʻzbek mahsulotlarining oldin oʻtkazilgan koʻrgazmalaridan ham yirik boʻlgan sanoat koʻrgazmasini tashkil etishga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi.

Qoʻshma Loyiha ofisi faoliyatining joriy natijalari boʻyicha masʼul rahbarlarning hisoboti tinglandi. Iqtisodiy hamkorlik dasturiga kiritilgan va umumiy qiymati 5,8 milliard dollarni tashkil etuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha birgalikda saʼy-harakatlarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, 2020-yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya (HK)ning yigʻilishida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishining amaldagi holatini koʻrib chiqdilar va HKning navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida logistika yoʻlaklarini rivojlantirish sohasidagi Oʻzaro anglashuv memorandumini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Hujjatda zarur infratuzilmani yaratish va tegishli logistika xizmatini tashkil etish boʻyicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilangan.

Hujjatda bojxona, sanitariya va fitosanitariya tartib-taomillarini takomillashtirish, ikki mamlakat oʻrtasida tovarlarni oʻtkazish tartibini soddalashtirish, davlat organlari oʻrtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik qilishning shakllari belgilangan. Unda, shuningdek, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, agro — logistika va ulgurji taqsimot markazlarini tashkil etish boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlar qayd etilgan. Shunday chora-tadbirlardan biri “Agroekspress” muntazam marshrut poyezdini “yashil yoʻlak” tamoyili asosida tashkil etish boʻlib, u Oʻzbekistondan Rossiya Federatsiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻpi bilan besh kunda yetkazib berishni taʼminlaydi.

Uchrashuv yakunida tomonlar munosabatlarning muhokama qilingan yoʻnalishlari doirasida amaliy hamkorlik qilish uchun navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar va yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida barcha darajalarda yaqin aloqalarni saqlab qolishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.