Mamlakatimiz avvaldan Afgʻonistonda vaziyatni barqarorlashtirish, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash tarafdori boʻlib kelgan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston qoʻshni davlat bilan munosabatlarda tamomila oʻzgacha yondashuv asosida oʻz pozitsiyasini namoyon qilayotgani hamda ikki tomonlama hamkorlik yangicha qarashlar asosida rivojlanayotgani xalqaro doiralarda eʼtirof etilmoqda.
Avvalo, Oʻzbekistonning Afgʻoniston boʻyicha pozitsiyasi tinchlikparvarlikka tayangani, mamlakat ichidagi barcha masalalarni oʻzaro izchil muloqot orqali bartaraf etishga, shuningdek, jafokash afgʻon xalqining kundalik turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgani bilan jahon hamjamiyati eʼtiboriga sazovor boʻlmoqda.
Mamlakatimizning yillar davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotidan tortib, qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar faoliyatida Afgʻonistonga doir istiqbolli taklif va tashabbuslarni ilgari surayotgani hamda ularning bevosita hayotga tatbiq etilishida amaliy qadamlar qoʻyayotgani barchaning diqqat-eʼtiborida boʻlib kelmoqda.
Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan munosabatlardagi yangicha qarash va yondashuvining oʻziga xos jihatlari qator omillarda namoyon boʻladi. Birinchidan, mamlakatimizning xalqaro munosabatlarida Afgʻoniston masalasi asosiy mavzuga aylandi. Xususan, soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning barcha uchrashuv, forum va yigʻilishlarida, albatta, qoʻshni davlat xususida toʻxtalib oʻtmoqda.
Bu borada soʻz ketganda, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyalari yigʻilishida uch marotaba, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari sammitlarida besh marotaba, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida bildirgan fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston tashabbusi bilan Afgʻoniston mavzusida alohida xalqaro darajadagi konferensiya va uchrashuvlar tashkil etilayotgani va yuqori saviyada oʻtkazilayotganini ham oʻzbek diplomatiyasining Afgʻoniston yoʻnalishidagi salmoqli saʼy-harakatlari natijasi sifatida baholash lozim. 2018-yilning 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda 2021-yilning 15-16-iyul kunlari Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya shular jumlasidan.
Ikkinchidan, Afgʻonistonda, avvalo, tinchlik oʻrnatish va xavfsizlikni taʼminlash zarur, shundan soʻng boshqa masalalar bilan shugʻullanish mumkin, degan qarashlardan farqli ravishda Oʻzbekiston afgʻon jamiyatidagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish zarurligi va shu orqali mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy keskinlikni birmuncha yumshatish hamda qoʻshni xalqning turmush darajasini bir qadar yaxshilash mumkinligi haqidagi qarashni ilgari surgan edi.
Bu borada davlatimiz tomonidan Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaga doir qator loyihalar amalga oshirilgani hamda ushbu saʼy-harakatlar orqali jafokash afgʻon xalqining manfaatdorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash joiz. Oʻzbekistonning Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaga doir yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslari va amaliy saʼy-harakatlarini mamlakatimizning afgʻon mojarosini bartaraf etishdagi yangicha yondashuvi sifatida eʼtirof qilish hamda mazkur faoliyat bugungi kunda yanada yuqori bosqichga koʻtarilayotganini qayd etish oʻrinli.
Zero, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi chiqishida xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlari, birinchi navbatda, Afgʻonistondagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerakligiga urgʻu bergani ham bejiz emas.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Afgʻonistonga katta muammo va xavf-xatar oʻchogʻi sifatida qarashdan tamomila voz kechib, ushbu zamin istiqbolda butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim koʻprik vazifasini bajarishi mumkinligi borasidagi yondashuvida namoyon boʻldi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Afgʻonistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash va mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish maqsadida Mozori Sharif shahridan Hind okeani portlariga olib chiqadigan yangi “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish taklifini ilgari surgan edi.
Prezidentimizning ushbu tashabbusi yangi va xalqaro darajada qiziqish uygʻotgan loyiha sifatida eʼtirof etildi. Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga olib chiquvchi ushbu strategik temir yoʻlni qurish kelgusida Oʻzbekiston va Pokiston bilan birga Markaziy hamda Janubiy Osiyo mintaqasidagi koʻplab mamlakatlarning umumiy ravnaqiga katta hissa qoʻshadi. Shu bois, mazkur tashabbus xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlandi va ayni paytda mazkur yirik loyihani amalga oshirish boʻyicha amaliy harakatlar olib borilmoqda.
Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi ichki siyosiy jarayonlar ishtirokchisi boʻlib kelgan “Tolibon” harakati bilan 2018-yildan boshlab bevosita muloqotga kirishgan edi. Mamlakatimiz tomonidan bunday munosabatlarga kirishishdan maqsad toliblarni afgʻon zaminidagi faol siyosiy kuch sifatida muzokaralar jarayoniga jalb etishdan iborat edi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yilning 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Mazkur konferensiyada ishtirok etish uchun “Tolibon” harakatining Dohadagi vakolatxonasiga Oʻzbekiston nomidan rasmiy taklifnoma yuborilgan edi. Garchi toliblar ushbu konferensiyada bevosita ishtirok etmagan boʻlsa-da, anjuman boshlanishi arafasida ular mazkur anjumanga xayrixohlik bildirgan va oʻzlariga qulay paytda, albatta, Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagida ekanligini maʼlum qilgan edi.
“Tolibon” harakati Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻonistondagi vaziyatga nisbatan pozitsiyasi samimiy ekaniga va amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari jiddiyligiga guvoh boʻlgach, hukumatimiz bilan oʻzaro fikr almashish va uchrashuv oʻtkazishga, bir soʻz bilan aytganda, bevosita munosabatlar olib borishga tayyorligini bildirdi.
2019-yilning avgustida “Tolibon” harakati rahbari oʻrinbosari va Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulgʻani Barodar boshchiligidagi toliblar hayʼati mamlakatimizga tashrif buyurdi va davlatimiz rasmiylari tomonidan iliq kutib olindi. Oʻzaro uchrashuvlar chogʻida “Tolibon” harakati vakillari mamlakatimizning afgʻon yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini hamda oʻzaro munosabatlarda hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.
Ushbu uchrashuvdan soʻng mamlakatimiz hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida bevosita munosabatlar oʻrnatildi, deb aytish mumkin. Mazkur munosabatlarni oʻrnatish orqali Oʻzbekiston afgʻon zaminida nizolashayotgan tomonlarni qurolli xatti-harakatlarni toʻxtatishga, tinch muzokaralar olib borishga daʼvat etib keldi. Bir soʻz bilan aytganda, yuqoridagi qarash va yondashuvlardan oʻtgan yillar davomida mamlakatimizning Afgʻonistondagi murakkab vaziyatga doir pozitsiyasi qay tarzda shakllangani va munosabatlarning oʻrnatilish tadrijiyligini koʻrish mumkin.
Endi zamonaviy dunyoda roʻy berayotgan global oʻzgarishlar, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi atrofida kechayotgan jarayonlar tahlilidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining mintaqamiz va unga yondosh hududlar bilan hamkorligini yanada rivojlantirish hamda yangi pogʻonaga koʻtarish nuqtayi nazaridan olib borayotgan amaliy saʼy-harakatiga eʼtibor qaratmoqchimiz.
Jumladan, qoʻshni Afgʻonistonni ham mintaqaviy jarayonlar ishtirokchisiga aylantirish va shu orqali ushbu mamlakatdagi siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlidagi amaliy qadamlar Oʻzbekiston tashqi siyosatining eʼtiborga molik jihati sifatida koʻzga tashlanmoqda.
2021-yilning avgustida Afgʻonistonda hukumatga kelgan “Tolibon” harakati mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston bilan ham yaqin qoʻshnichilik munosabatlari hamda oldingi hamkorlik aloqalarini davom ettirish istagida ekanini maʼlum qildi. Bu toliblarning mintaqaviy jarayonlarga befarq emasligini, ularning oʻzaro hamkorlik va aloqalarga xayrixohligini namoyon etdi. Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston tomoni va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar yangi mazmun va koʻlamda olib borilmoqda.
Oʻtgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida ikkala tomon hukumatlari hamda turli vazirliklari darajasida bir necha marotaba uchrashuv va muloqotlar olib borilgani tomonlarning oʻzaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston tomoni jahon hamjamiyati oldida toliblar hokimiyatga kelgach, ular bilan munosabatlarni yuritish zarurligini ilgari surgan ilk davlatlardan boʻlganini qayd etish lozim. Bu borada mamlakatimizning tutgan pozitsiyasi qator omillarda aks etdi:
birinchidan, haqiqatni qabul qilish, Afgʻonistondagi yangi kuchlar muvozanatini tan olish va afgʻon muammosining qoʻshni davlatlar hududiga siljimasligiga erishish;
ikkinchidan, Tolibon hukumatini siyosiy jihatdan yakkalamaslik prinsipida sobit qolish;
uchinchidan, Afgʻonistonning xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolishiga yoʻl qoʻymaslik;
toʻrtinchidan, mamlakatdagi gumanitar inqirozning oldini olish, xususan, xalqaro insonparvarlik yordami koʻrsatish;
beshinchidan, afgʻonlarning xorijiy banklardagi aktivlarini faollashtirish va biznesni qayta tiklashiga erishish;
oltinchidan, “Tolibon” harakati hech qachon Afgʻonistonning milliy chegaralaridan tashqarida hech qanday harakatni amalga oshirmaganini tan olish.
“Tolibon” harakati hokimiyatga kelgach, mintaqa davlatlari, xususan, Afgʻoniston bilan qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻzaro muvofiqlashtirish, pozitsiyalarni kelishib olish maqsadida tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuvlar yoʻlga qoʻyildi. 2021-yil sentyabr-oktyabr oylarida hamda joriy yilning martida Pokiston, Eron, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy, shuningdek, Rossiya tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari ishtirokida Afgʻoniston masalasi boʻyicha oʻtkazilgan uchta uchrashuvda ishtirokchi davlatlar toliblar tomonidan hokimiyatning egallanishi aniq reallik ekani, xalqaro hamjamiyat ham ushbu real vaziyatdan kelib chiqib yondashishi lozimligi xususida aniq toʻxtamga kelgan edi.
Mazkur formatdagi uchrashuvlarda Oʻzbekiston tomoni Tolibon hukumati bilan oʻzaro munosabatlarga doir quyidagi takliflarni ilgari surdi:
— “Tolibon” butun Afgʻoniston hududini qamrab olgan muvaqqat hukumat tashkil qildi va xalqaro hamkorlik oʻrnatishga harakat qilmoqda — bu mamlakatdagi yangicha reallikdir;
— mamlakat xalqaro izolyatsiyaga tushib qolmasligi uchun Afgʻoniston boʻyicha mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur; — Afgʻoniston mintaqaviy xavfsizlikning muhim faktori boʻlib qolmoqda;
— “Tolibon” harakatidan inklyuziv hukumat tuzish, inson huquqlarini taʼminlash kutilyapti;
— Afgʻonistonning muzlatilgan mablagʻlarini erkinlashtirish, uni iqtisodiy hamkorlikka va infratuzilmaviy loyihalarga chorlash, mamlakatga insonparvarlik yordami yetkazib berish va uni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash kerak.
Toliblar hokimiyatga kelganidan keyin oʻtgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida mamlakatda, avvalo, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, gumanitar inqirozning, yalpi ocharchilik roʻy berishining oldini olish, davlat tuzilmalari faoliyatining davom ettirilishiga erishdi hamda mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan iliq munosabatlarni oʻrnatishga intildi.
Bu pallada mamlakatda xavfsizlik va barqarorlik muayyan darajada taʼminlandi, turli teraktlar va jinoyatlar keskin kamaydi, ilgaridan Afgʻonistonda birmuncha faol boʻlgan baʼzi terrorchi guruhlarning harakati ham ancha cheklandi. Oʻzbekiston hukumati oʻtgan davr mobaynida Afgʻonistondagi vaziyatni kuzata turib hamda toliblar bilan bugungi kundagi iliq munosabatlarning holatidan kelib chiqib, shuningdek, qoʻshni davlat bilan boʻladigan kelgusi aloqalarning istiqbolini yaxshi anglagan holda, “Tolibon” harakatini xalqaro darajada tan olish ishlarini tezlashtirish zarurligi xususida tashabbus bilan chiqdi.
Bu haqda Afgʻonistonga qoʻshni Pokiston, Eron, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy davlatlari, shuningdek, Rossiya rasmiylari ishtirokida Afgʻoniston masalasi boʻyicha shu yilning 30-31-mart kunlari Xitoyda boʻlib oʻtgan uchinchi xalqaro darajadagi uchrashuvda maʼlum qilindi.
Ushbu tashabbus zamirida ham Oʻzbekiston Afgʻonistonga muammolar makoni emas, balki imkoniyatlar zamini sifatida qarayotgani, oʻz navbatida, toliblar ham mintaqa doirasidagi oʻzaro aloqalar va hamkorlik barcha uchun manfaatli boʻlishini yaxshi anglayotgani mujassamligi yaqqol aks etadi.
Ushbu masala Afgʻonistonning mintaqa darajasidagi va xalqaro miqyosdagi turli savdo-iqtisodiy, transport-logistik, moliyaviy, gumanitar jarayonlarga kirishishi va integratsiyalashuvi tezlashtirilishini koʻzda tutadi va uning oʻziga xos jihatlari quyidagilarda namoyon boʻladi: Xususan, Oʻzbekiston tomoni ilgari surgan va Afgʻoniston hududi orqali Pokistonga oʻtuvchi, qiymati 5 milliard AQSH dollariga teng deb baholangan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlining qurilishi muayyan xalqaro bitim va shartnomalar tuzilishi hamda imzolanishini talab etadi.
Sababi, ushbu yirik loyihaga bir qator chet ellik investorlar, malakali mutaxassislarni jalb etish ehtiyoji mavjud. Tabiiyki, temir yoʻl qurilishida bevosita ishtirok etuvchi chet ellik quruvchi-muhandis va ishchilarning Afgʻoniston hududida faoliyat olib borishi, ularga tegishli ruxsatnoma, viza hujjatlari berilishi, xavfsizligi taʼminlanishi kafolatlanishi lozim.
Qolaversa, temir yoʻl qurilishi uchun zarur materiallar va maxsus texnik vositalarni Afgʻoniston hududiga olib kirish hamda ulardan foydalanish tartibi kabi boshqa koʻplab jihatlar mavjudki, ushbu masalalarni bevosita afgʻon hukumati bilan kelishish hamda tegishli bitim va shartnomalar orqali mustahkamlash zarur.
Shuningdek, Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini nazarda tutgan holda, mamlakatning yangi hukumati bilan ushbu sohada tegishli tartibda hujjatlarni imzolash zarurati mavjudligini taʼkidlash lozim. Mamlakatimizning Afgʻoniston bilan keyingi yillardagi oʻzaro savdo aylanmasiga eʼtibor qaratar ekanmiz, bu borada ijobiy oʻsish kuzatilayotganiga guvoh boʻlamiz.
Jumladan, keyingi 5 yilda oʻzaro tovar va xizmatlar aylanmasi hajmi 600 million AQSH dollaridan 800 million AQSH dollariga koʻtarilgan. Ushbu koʻrsatkichni kelgusida 2 milliard AQSH dollarigacha yetkazish imkoniyati mavjud hamda mazkur yoʻnalishda bir qator tegishli savdo-iqtisodiy kelishuvlar va bitimlar imzolash zarurati yuzaga kelgan. Ushbu kelishuv va bitimlar toliblar hukumati bilan imzolanishi va xalqaro huquq normalariga mos kelishi lozim.
Bundan tashqari, toliblar hukumati bilan mintaqadagi qoʻshni davlatlar oʻrtasida chegaralar daxlsizligi, chegara hududlarida xavfsizlikni taʼminlash, giyohvandlik moddalari yetishtirilishi va oldi-sotdisiga chek qoʻyish, fuqarolarning oʻzaro qoʻshni davlatlarga kirish-chiqishi va harakatlanishi masalalarida ham hamkorlikni oʻrnatish hamda olib borish zarur.
Oʻzbekiston tomoni mintaqa davlatlari, hamkor mamlakatlar va Afgʻoniston bilan barcha ustuvor yoʻnalishlardagi munosabatlarni chuqurlashtirish hamda afgʻon xalqining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini namoyon qilmoqda. Bu barcha ishtirokchi tomonlar manfaatiga toʻla mos keladi hamda butun mintaqaning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim poydevor boʻladi.