Oʻzbekiston -Belarus: Ayollar tadbirkorligi rivojlanib boryapti

    Biznes 27 Avgust 2024 573

    Poytaxtimizda Oʻzbekiston -Belarus II-Ayollar forumi doirasida seksiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbir ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida yengil sanoat (Charm sanoati va toʻqimachilik) sohasida hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eksport-import masalalarida oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

    Forumda ishtirok etish uchun Belarus Respublikasida yengil sanoat yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan 20 ga yaqin yirik kompaniyalar Toshkentga tashrif buyurgan. Jumladan, “Marko”, “BelVest” kabi yirik poyabzal ishlab chiqarish brendlari, Minsk charm ishlab chiqaruvchilar birlashmasi kabi kompaniyalar.

    Seksiya ishida charm sanoat yoʻnalishida oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Oʻzbekiston va Belarus tadbirkorlari oʻrtasida yangi texnologiyalar asosida tajriba almashish, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

    Shuningdek, forum doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida kelishuv va shartnomalar imzolandi. Minsk charm ishlab chiqaruvchilar birlashmasi hamda “Charogʻon invest” MCHJ oʻrtasida 2,2 million dollarlik shartnoma imzolandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.