Bir narsa aniqki, qadimiy Oʻzbekiston zaminida ilk turk qabilalari paydo boʻlgan, hukm surgan, dunyoning chor tarafi uzra oʻktam yoyilgan. Bejiz emaski, hozirgi zamonaviy turk siyosatchilarining, nafaqat siyosatchiyu olimlari, balki turk xalqining aksariyati bir ovozdan Oʻzbekistonni “ota yurti”miz deb faxrlanadi, ulugʻlaydi, ziyorat qilish ilki bilan yashaydi.
Zaminimizda insoniyat tamadduni sivilizatsiyasining ilk namunalaridan tortib, butun olamni hozirgacha hayratga solib kelayotgan renessanslar silsilasi bardavom boʻlgan. Xalqimizning ajdodlari oʻzlarining barcha sohalardagi buyukligi bilan butun bashariyat rivoji va taraqqiyotiga beqiyos xizmat qilgan va ziyo taratgan.
Tabiiyki, buning hammasi butun turk olamining ham gʻurur-iftixorini matritsasi, mustahkam poydevoridir. Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz turk adabiy tilini, lugʻatidan tortib, shakli-shamoyilini belgilab ketganlar.
Men islom davlatlaridan birida xizmat safari bilan boʻlganimda ikki arab davlat arbobini qiziq bahsini eshitganman. Bittasi, biz arablar sizlarga muqaddas islom dini bilan islom madaniyatini tuhfa qilganmiz, deganida, bir arab donishmandi unga aytgan edi: biz arablar hali koʻchmanchi qabila boʻlib, ufqda koʻringan xurmo daraxtini topib undagi mevasini tanovul qilib, tuya suti ichib yurgan davrlarda oʻzbeklar kitob qoʻlyozmalar bitishgan, oʻzbeklarga nisbatan bunday gaplarni soʻzlash mutlaqo oʻrinsiz, deya oʻz hamkasbiga dashnom bergan edi.
Koʻhna qoʻlyozmalar va kitoblarni varaqlaganimizda, eksponatlar va epigrafikali meʼmoriy yodgorliklarni koʻzdan kechirganimizda bunga bevosita guvoh boʻlamiz. Ushbu meros xazinalari hamisha xalqaro hamjamiyat va ayniqsa, turkiy xalqlar ziyolilarini ilmiy qiziqishlariga sabab boʻlib kelgan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻp asrlik tarixga ega madaniy merosimizni asrab-avaylash, muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, mamlakatimiz, qolaversa, dunyo miqyosida keng targʻib qilishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentning, Vazirlar Mahkamasining qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Tabiiyki, bu madaniy meros boyliklari avvalambor oʻzbek xalqining, qolaversa, butun turkiy xalqlarning, keng maʼnoda olganda esa insoniyatning gʻururini ifoda etadigan oʻlmas boylik, tarixiy va madaniy merosdir.
Ilhombaxsh va masʼuliyat yuklaydigan takliflar
Bu harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz kuni kecha Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdagi sammitida turkiy xalqlar kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi. Buning uchun butun turk olami oʻzbek xalqi yetakchisidan minnatdorligini yashirmadi.
Davlatimiz rahbari tarixiy ahamiyatga ega oʻz nutqida qadimiy Xiva va Qoʻqon shaharlarida boʻlib oʻtgan turkiy tilli davlatlar madaniyat va turizm vazirlarining samarali uchrashuvlari, turk dunyosi xalqlari naqadar boy tarixiy hamda madaniy merosga ega ekanini alohida taʼkidlab, turizm sohasida Kengashga aʼzo mamlakatlarda katta imkoniyatlar borligiga urgʻuladi.
“Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik koʻrgazmalari va etnosport musobaqalarini oʻtkazish, madaniy meros obyektlarini saqlash va restavratsiya qilish hamda boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan “yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklifi oʻz tarixiga chinakam mehr va muhabbatning yuksak timsolidir.
Shuningdek, sammitda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Turkiy dunyo birligiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish haqidagi qarori qabul qilindi.
Maʼlumki, har bir sivilizatsiya ilm-fan, yaratuvchilik, iqtisodiyot, siyosat va madaniyatda jahon tamaddunida qoldirgan izi bilan baholanadi. Shu maʼnoda, oʻrta asrlarda olimlar, fuzalolar, ilohiyotshunoslar, quruvchi-meʼmorlar va hunarmandlarning bir necha avlodini yetishtirgan, ularning quvvati-hofizalari bilan oʻlmas asarlar, kashfiyotlar, sanʼat asarlari bunyod etilishiga sababchi boʻlgan islom sivilizatsiyasining jahon tamaddunida, xususan, turk dunyosida tutgan oʻrni beqiyosdir. Ushbu sivilizatsiyaning allomalari qoldirgan bebaho maʼnaviy meros ichida ajdodlarimizning oʻrni ham muhim va salmoqlidir.
Jumladan, Prezidentimizning Oʻzbekistonda mushtarak tariximiz va madaniyatimizga oid 200 mingga yaqin noyob qoʻlyozmalar mavjudligi va ularni oʻrganib kelajak avlodga yetkazish kerakligi haqidagi ajoyib tashabbus bizni ham ilhomlantiribgina qolmay, katta masʼuliyat ham yukladi.
Anjumanda ilgari surilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Turkiy xalqlar tarixi va madaniyatiga oid nodir asarlarni birgalikda oʻrganish, ularni tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, bu sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazi”ni tashkil etish taklifi yuqoridagi tashabbuslarning mantiqiy va toʻldiruvchi davom boʻldi.
“Zar qadrini – zargar bilar” deydi dono xalqimiz. Prezidentimiz turk dunyosi uchun madaniy merosni saqlab qolish borasida mutlaqo yangi format, shakl, yaʼni navigatorni taklif qildi. Bu ham Uchinchi Renessans ostonasida turgan Oʻzbekiston turk olamining madaniy meros markazlaridan biri boʻlib qolaverishining yana bir isbotidir.
Buning uchun yangi Oʻzbekistonda ulkan imkoniyatlar eshigi butun turk olami madaniyatshunos va sanʼatshunoslari uchun ochiq demakdir. Bu salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish esa barcha turkiy olamni maʼnaviy ruhiy va madaniy boyishiga dasturi amal boʻlib xizmat qiladi, qardosh ellar va kelgusi avlodlar, umuman butun dunyo ahliga ularni yetkazishga muhim hissa qoʻshadi.
Tursunali Qoʻziyev,
Turizm va sport vazirligi huzuridagi
Madaniy meros agentligi
direktori vazifasini bajaruvchi,
akademik.