Tadbirda O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari L.Qudratov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi (LDDK) prezidenti Vitaliys Gavrilovs va boshqa vazirlik, idoralar hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Unda asosiy e'tibor o'zaro sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov mamlakatlarimiz o'rtasidagi faol hamkorlik tufayli Latviya — O'zbekiston ishbilarmon doiralari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda qo'shma hamkorlikni jadal amalga oshirayotganini ta'kidladi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston — Latviya ishbilarmonlar kengashi, o'z navbatida, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining yaqin, to'g'ridan-to'g'ri hamkorligi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan ko'plab qo'shma tadbirlarni o'tkazish, O'zbekiston va Latviya o'rtasidagi texnologik, transport-logistika va boshqa sohalardagi hamkorlik qilishda muhim platforma bo'lib xizmat qilmoqda.
Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi prezidenti Vitaliys Gavrilovs O'zbekiston va Latviya uchun ustuvor yo'nalishlar bo'yicha iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidladi. Shuningdek, u bugungi uchrashuv O'zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralari o'rtasidagi aloqalar uchun qulay platformasiga aylanishiga umid bildirdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar O'zbekistonning sarmoyaviy salohiyati, shuningdek, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan barcha sharoitlar haqidagi taqdimot materiallari bilan tanishdi.
Tadbir so'nggida hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: 2021-yil yakuniga ko'ra, o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 228 million dollarni tashkil etdi, jumladan, eksport – 52,8 million dollar, import 175 million dollar.
Hozirda mamlakatimizda Latviya investorlari ishtirokidagi 68 ta kompaniya faoliyat yuritayotgan bo'lib, ulardan 46 tasi qo'shma korxona bo'lsa, 22 tasi 100 foiz Latviya kapitaliga ega korxonalar hisoblanadi. SHuningdek, Latviyaning O'zbekistonda 1 ta vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston mahsulotlarini Boltiqbo'yi mamlakatlari va Evropa Ittifoqiga etkazib berishni kengaytirish maqsadida 2021-yil 10-sentyabr kuni Riga shahrida O'zbekiston savdo uyining ochilish marosimi bo'lib o'tgan edi.