Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibidagi masalalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasiga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik va ushbu tashrif doirasida rejalashtirilgan tadbirlar, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi choralar muhokama qilindi. Oliy darajadagi tashrif ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga yangi surʼat baxsh etishi va ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi qator masalalar koʻrib chiqildi. Ularni hal qilish mexanizmlari yuzasidan fikr almashilgach, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Pokiston Hukumatlararo komissiyasining kunning ikkinchi yarmida boʻlib oʻtadigan 7-yigʻilishida aniq kelishuvlarga erishish yuzasidan yakdil qarorga kelindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida hukumatlararo va idoralararo darajada faol hamkorlik qilishga sodiqliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.