Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining munosabatlari, jumladan, Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi aloqalar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishni belgilovchi bir qator masalalar hal etildi, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichi boshlandi.

Bundan tashqari, ikki davlat chegarasi boʻyicha ham muhim masalalar hal etildi. Bu baliqchilik yoʻnalishini rivojlanishiga ham tegishli jihat. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tarkibidagi baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Qirgʻiz qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi baliqchilik xoʻjaligi departamenti oʻrtasida Memorandum imzolandi.

“EKO” brendi bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eng yuqori sifatiga erishilganda, organik qishloq xoʻjaligi mavzusi agrosferani rivojlantirishda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Qirgʻiz ishchi guruhining birinchi Majlisi doirasida respublikada ixtisoslashtirilgan Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va Qirgʻiz Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Organik qishloq xoʻjaligi departamenti oʻrtasida Memorandum imzolangani ham bejiz emas.

Shuningdek, ikki davlat vazirligi oʻrtasida bogʻdorchilik va meva – rezavor ekinlar yetishtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga doir Memorandum imzolandi. Bundan tashqari, qoʻshma hukumatlararo komissiyaning muvaffaqiyatli faoliyati tufayli urugʻlar va koʻchatlar bilan taʼminlash ishlari allaqachon yoʻlga qoʻyildi.

Maʼlumki, Qirgʻiz Respublikasining iqlim sharoiti kartoshka yetishtirish uchun qulay. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyilishi orqali qoʻshni davlat bilan uchta yoʻnalishda hamkorlik belgilandi, u yerda mahsulot yetishtirilib, keyin toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekistonga yetkazib beriladi. Bundan tashqari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash va sotish boʻyicha agrologistika markazini tashkil etish mexanizmlari toʻliq ishlab chiqildi. Bu yerda chorva mollarini koʻpaytirishdan tortib, toki goʻshtni qayta ishlash va ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayon yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, ikki tomonlama imzolangan kelishuvlarga asosan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va uni yanada koʻproq eksport qilish maqsadida Qirgʻiz Respublikasining qator viloyatlarida intensiv bogʻlar va issiqxonalarda meva va rezavorlar yetishtirishga moʻljallangan hududlar belgilandi. Dastlabki bosqichda qiymati 50 million dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.