Bu yoʻnalishlarning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda tashkil etilgan “Loyiha ofisi” doirasida ishlab chiqilmoqda. Jumladan, ikki mamlakat vazirlik va idoralarining manzilli uchrashuvlari tashkil etilib, unda boʻlajak sheriklar oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etiladi.

Yana bir shunday tadbir Rossiya farmatsevtika kompaniyalari delegatsiyasi tashrifi boʻldi. Tashrif davomida Rossiya tomoni tarmoq doirasida hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini oʻrganish, Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini ravnaq toptirish rejalari bilan tanishish, Oʻzbekiston farmatsevtika kompaniyalarining ishlab chiqarish, texnologik va iqtisodiy imkoniyatlarini tahlil qilish va baholashni oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Oʻrganish natijalariga muvofiq, Rossiya farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari orasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun boʻlajak hamkorlar aniqlanadi.

Tashrif doirasida joriy yilning 27-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi vakillari hamda Rossiya farmatsevtika kompaniyalari rahbariyatining Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari bilan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda hamkorlikning keng koʻlamli amaliy jihatlari, xususan, Oʻzbekiston tibbiyot muassasalarida amalda boʻlgan dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar va boshqa tibbiy mahsulotlar xarid qilish va ulardan foydalanish boʻyicha qoida va tartiblari muhokama etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi, shuningdek, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbariyati va ekspertlari mehmonlarni sohani rivojlantirishning joriy holati hamda istiqbolli yoʻnalishlari, xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda loyihalarni hayotga tatbiq etishga jalb qilishga moʻljallangan amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar, tartibga soluvchi choralar va shartlar, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan dori vositalari roʻyxati bilan tanishtirdi.

Delegatsiya vakillari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Rossiya kompaniyalarini jalb etish boʻyicha ishlab chiqilgan aniq loyihaviy takliflar koʻrib chiqildi hamda ularga farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion tadqiqot va ishlab chiqarish klasteri hamda bir qator erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) kabi Respublikada tashkil qilingan investitsiyalarga va ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan maydonlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Yaqin orada delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati subyektlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida oʻzbek tadbirkorlari bilan bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda aniq loyihaviy takliflarni belgilash boʻyicha ishlarni davom ettiradi. Delegatsiyaning Respublikadagi faoliyati doirasida mamlakatimizning turli hududlaridagi korxonalarga tashrif buyurgan holda 25 dan ortiq oʻzbek farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan “V2V” shaklida qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.