O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

    Hujjatlar 26 Fevral 2021 7378

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash maqsadida:

    1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–6024-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini uning ustuvor yo‘nalishlari va tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari va ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, har uch yilda tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirish strategiyalari orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yilganлиgi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-илоvaгa muvofiq tasdiqlansin.

    Strategiya mamlakatning suv resurslarini barqaror boshqarish va irrigatsiya sektorini takomillashtirishni qamrab oladigan bir qator infratuzilmaviy, siyosiy, institutsional va salohiyatni rivojlantirish choralarini o‘z ichiga oladi, uning doirasida:

    irrigatsiya tizimi kanallarining beton qoplamali qismi 35 foizdan 38 foizgacha oshishi, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,63 dan 0,66 gacha oshishi;

    suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar 526 ming gektardan 424 ming gektargacha kamaytirilishi;

    Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalaridagi 518 ta nasos agregati va 807 ta elektrodvigatel zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirilishi, ularning yillik elektr energiyasi iste’moli 7,6 milliard kVt.sdan 7,15 milliard kVt.s gacha kamaytirilishi;

    suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish 308 ming gektardan 1,1 million gektargacha, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi 121 ming gektardan 822 ming gektargacha yetkazilishi;

    sho‘rlangan maydonlar 1 926 ming gektardan 1 888 ming gektarga, shu jumladan o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan yerlar 581 ming gektardan 532 ming gektargacha qisqartirilishi;

    yer osti suv sathi muammoli holatda (0–2 metr) bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlari 988 ming gektardan 900 ming gektargacha kamaytirilishi;

    qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 232 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlari qayta foydalanishga kiritilishi;

    daryo va soylarda 6 ta gidrologik post qurilishi va qayta tiklanishi, 6 ta gidrologik post raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlanishi;

    “Smart Water” (“Aqlli suv”) raqamli texnologiyasi asosida suvning hisobi yuritiladigan suv xo‘jaligi ob’ektlari soni 18 576 tagacha yetkazilishi;

    60 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ekti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazilishi;

    Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 1 688 ta nasos stansiyasidagi 5 231 ta nasos agregatiнинг elektr energiyasi iste’moli va suv sarfi hisobining monitoringi “onlayn” rejimda olib borilishi;

    mavjud meliorativ kuzatuv quduqlarining 2 100 tasida raqamli texnologiyalar orqali monitoring olib borilishi;

    suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida jami 124 ta loyiha amalga oshirilishi, sug‘orish uchun suv yetkazib berish xarajatlarining 9 foizi suv iste’molchilari tomonidan qoplanishi ta’minlanadi.

    3. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Strategiya va unda belgilangan tadbirlarning prognoz ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlasin.

    Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev ikki hafta muddatda mazkur qaror doirasida 2021 yil uchun nazarda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin va ijrosini ta’minlasin.

    4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (Q.X. Taparov), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari:

    Strategiyaga 2 va 13-ilovalarga ko‘ra amalga oshiriladigan tadbirlar kelgusi yillar uchun asosiy ko‘rsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda 2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish jarayonida inobatga olinishini;

    Strategiyaga 1–1a, 3–6, 8–10, 12, 14 va 17-ilovalarga ko‘ra 2021-2023 yillar uchun belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar qo‘shimcha ravishda ajratilishi kelgusi yillar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

    5. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari:

    Strategiyaga 2, 3, 13 va 14-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari doirasida irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalar qo‘llanilishini nazarda tutsin;

    irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratsin.

    6. 2021 yil 1 oktyabrga qadar etilen polimerlari (TIF TN kodi 3901) va propilen polimerlarini (TIF TN kodi 3902) olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi belgilansin.

    7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh. Kudratov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov) va Energetika vazirligi (Sh.X. Xodjayev) bilan birgalikda respublikada ishlab chiqarilayotgan polietilen mahsulotining eksportini 40 ming tonnaga qisqartirish evaziga uning ichki bozorda birja savdolari orqali sotilayotgan qismini oshirish choralarini ko‘rsin.

    8. “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (Z.B. Badriddinov) polietilen va polipropilen mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalarni birja savdolariga jalb qilish choralarini ko‘rsin.

    Bunda, “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJga ushbu bandda nazarda tutilgan mahsulotlarni birja orqali sotuvchi xorijiy kompaniyalar (norezident) uchun savdolarga qatnashishda zakalat summasini kiritish talabini bekor qilish hamda birja komission yig‘imlaridan ozod qilish tavsiya etilsin.

    9. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D. Vaxabov) Bosh prokuratura (Sh.J. Raximov), Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev) va Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) bilan birgalikda suv tanqisligi sharoitida ekinlarni ko‘llatib sug‘orish va suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holatini favqulodda holat sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv iste’moli tartibiga qat’iy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin hamda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibini buzganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rib borsin.

    10. Belgilansinki, 2021 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida har yili sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida ob’ektlarni ta’mirlash-tiklash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan viloyatlar mahalliy byudjetlariga o‘tkaziladi.

    2020 yilda tashkil etilgan eksperiment ijobiy natija berganligi sababli “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 13-moddasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sug‘oriladigan yerlarining meliorativ holatini yaxshilashga oid tadbirlar doirasida ob’ektlardagi ta’mirlash-tiklash ishlariga doir xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetidan moliyalashtirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    11. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati (U.M. Mustafoyev) 2021 yil 1 iyulga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi barcha nasos stansiyalariga avtomatlashtirilgan elektr o‘lchov asboblari o‘rnatish ishlarini yakunlasin.

    Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari hisobidagi yuqori kuchlanishli elektr podstansiyalari hamda elektr uzatish tarmoqlari elektr energiyasi yetkazib beruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati balansiga ikki oy muddatda shtat birliklari bilan birga tegishliligi bo‘yicha o‘tkazilishini ta’minlasin.

    12. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (M.I. Ro‘zmetov), Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K. Umarov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (K.A. Yuldashev) va “O‘zbekkosmos” agentligi (Sh.M. Qodirov) bilan birgalikda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini baholash, monitoring olib borishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, geoaxborot tizimlari, masofadan zondlash texnologiyasi va uchuvchisiz uchish qurilmalaridan keng foydalanilishini ta’minlasin.

    13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K. Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.D. Xadjayev):

    Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V. Shin), Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov) va Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) bilan birgalikda aholining suvni muhofaza qilish, suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanishni tashkil etish borasidagi huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida, ommaviy axborot vositalari orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida hamda aholi o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil qilinishini;

    Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan tadbirlarning ijrosi natijasida erishiladigan yutuqlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

    14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

    Strategiyaning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

    amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

    15. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov), “O‘zgidromet” markazi (Sh.X. Xabibullayev), Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (B.F. Islamov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yil 1 aprelga qadar keyingi yillarda suv ta’minoti va suvdan foydalanishni tahlil qilgan holda 2021 yil yozgi sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    16. Bosh vazirning o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyevga tasdiqlangan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarining manzilli ro‘yxatlariga ularning qiymati va quvvati doirasida, zarur hollarda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

    17. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), “O‘zgidromet” markazi (Sh.X. Xabibullayev), Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (B.F. Islamov):

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (K.A. Yuldashev) bilan birgalikda 2021 yil 1 iyulga qadar suv va suvdan foydalanishga doir ma’lumotlar bazalari hamda monitoring tizimlarining raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirilishini hamda suv resurslarining avtomatlashtirilgan idoralararo axborot tizimining bosqichma-bosqich ishga tushirilishini ta’minlasin;

    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (A.I. Maksudov) bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish tamoyillarini joriy qilish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 maydagi PQ–4709-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona bojlaridan ozod etilayotgan chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari ro‘yxatiga 2-илоvaгa muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    19. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

    ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni;

    2023 yil 1 sentyabrga qadar Strategiya doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar bo‘yicha batafsil axborotni, shuningdek, 2021-2023 yillarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi loyihasини Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    20. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 24 fevral