Kuni kecha davlatimiz rahbarining Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotlanganligi haqidagi teleko'rsatuvlarni tomosha qila turib, beixtiyor iliq xotiralar yodimga tushdi... Darhaqiqat, Tojikiston bilan yaqin qo'shnimiz, xalqlarimizning muqaddas eriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak. Hatto, o'zbek tiliga munosabatlari ham. Bunga o'zim guvohman.

...Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakul`tetining 2-kursini bitirgan ikki talaba – dugonam Po'latoy Botirova bilan 1977-yilning yozida Dushanbe shahrida o'zbek tilida chiqadigan o'sha paytdagi “Sovet Tojikistoni” (hozirgi “Xalq ovozi”) respublika gazetasiga amaliyotga otlandik. Na birovni taniymiz, na shaharni bilamiz. Qo'limizda faqat fakul`tet tomonidan berilgan yo'llanma. Gazeta tahririyatiga tomdan tarasha tushganday kirib bordik. Maqsadimiz — jurnalistlik qobiliyatimizni notanish jamoada sinab ko'rish, o'zimizga ishonchni mustahkamlash edi. Birinchi kursda tumanlarda o'tkazilgan amaliyotdan har ikkimizning ham ko'nglimiz to'lmagan, ochig'i, biroz ikkilanib qolgandik...

Bizni o'sha kunning o'zida gazetaning bosh muharriri Hoji Sodiq domla juda iliq qabul qildi. Domlaning salobati bosib, ikki dugona qattiq hayajonga tushganimiz esimda. Shu kuni turar-joy bilan ham ta'minlashdi. ertasi kuni bizni turli bo'limlarga stajyor qilib ishga rasmiylashtirishdi. Bunday iltifotdan boshimiz ko'kka etdi. Ochig'i, shu bahona bor mahoratimizni ko'rsatishga bel bog'ladik.

Biz roppa-rosa 45 kun Dushanbe shahrida amaliyot o'tadik va o'sha paytda sokin va so'limgina bo'lgan ushbu maskanni bir umrga sevib qoldik. Tahririyat ikkinchi uyimizga, jamoa a'zolari esa eng yaqin insonlarimizga aylandi. Biz shu erda jurnalistikaga haqiqiy mehr qo'ydik. O'zimizga ishonchimiz ortdi. Jamoaning qo'llab-quvvatlashi tufayli yoshlarga xos g'ayrat-shijoat bilan mehnat qildik. Dushanbeda ko'plab mehnat jamoalarida xizmat safarida bo'lib, o'zbeklarga nisbatan cheksiz mehr va iliqlikni, ulkan hurmatni his qildik. Qaerga bormaylik, bizning O'zbekistondan ekanligimizni bilishgach, oddiy talabaligimizga qaramay, alohida hurmat-e'tibor ko'rsatishardi. O'zbekchani biroz boshqacha, lekin juda chiroyli va alohida hurmat bilan talaffuz qilishlari bizga zavq bag'ishlardi. O'zbek tiliga ehtiromning amaldagi go'zal ifodasini biz Dushanbeda ko'rgandik o'shanda. Shunday maroqli muhitda yoshlik shijoati bilan yozilgan maqolalarimiz ham ta'sirchan chiqdi shekilli, ularning barchasi respublika gazetasida chop etildi. Shu yerda birinchi maoshimizni oldik, shu erda jurnalistika sohasini tanlab, to'g'ri qilganimizga inondik, Hoji Sodiq domla, taniqli shoir O'lmas Jamol (shu tahririyatda ishlar ekan) va boshqa ko'plab ajoyib, oddiy insonlar, jurnalistlar (afsus, hozir ularning ism-shariflarini nomma-nom eslolmayman) bilan tanishdik, kasbimiz sir-asrorlarini, har bitta so'zni o'z o'rnida ishlatish va tilga nisbatan mas'uliyat bilan yondashishni o'rgandik, qalamimiz charxlandi, tafakkurimiz tiniqlashdi, mehnatimiz samarasini ko'rdik, ikki xalq o'rtasidagi cheksiz hurmat-e'tibor, samimiyatga o'zimiz guvoh bo'ldik.

Amaliyot tugagach, bizni yana Hoji Sodiq domlaning yana o'zlari qabul qilib, bizning kamtarona mehnatimizga yuqori baho berdilar va jurnalistikaning ham sharafli, ham mashaqqatli kasb ekanligi, bu sohada faqat munosiblar ishlashi kerakligi, kasbni doimo e'zozlash va, eng muhimi, jurnalistning quroli bo'lmish ona tili, xususan, o'zbek tiliga nisbatan chuqur hurmat-ehtirom tuyg'usini shakllantirishimiz kerakligi haqida otalarcha nasihat qildilar.

Biz ikki dugona Dushanbega o'zimizga ishonib-ishonmay, havaskor qalamkashlar sifatida borgan edik, Toshkentga haqiqiy jurnalist bo'lish va xalqimizga shu sohada xizmat qilishdek ezgu niyat bilan qaytdik. Tojik xalqining biz o'zbeklarga munosabati, gazeta tahririyatidagi ajoyib jo'shqin muhit va taniqli jurnalistlar – “so'z zargarlari”ning ibrati, dushanbeliklarning o'zbeklarga, o'zbek tiliga munosabati biz uchun katta hayotga ishonchli yo'llanma berdi. Dushanbedagi amaliyotimizni hali hanuz faxr-iftixor va iliq bir samimiyat bilan eslaymiz.

Prezidentimizning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etayotgan kunlarda yangi O'zbekiston sharoitida O'zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli yanada rivojlanaversin, degim keladi. eng muhimi, har ikki davlat rahbarlarining barcha sa'y-harakatlari va amaliy ishlari xalqlarimizning manfaati, mehr-oqibatli bo'lish, tinch-totuv yashashdek azaliy orzusi va samimiy intilishlariga to'liq mos keladi. 

 Ulbo'sin ABDUMALIKOVA,

“Ijtimoiy fikr” respublika

 jamoatchilik fikrini o'rganish

markazi direktori maslahatchisi