Muxbirimiz Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Ulugʻbek Inoyatov bilan bogʻlanib, tashrifning ahamiyati, mazmun-mohiyati haqida soʻradi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish yoʻlida qator konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surgani natijasi oʻlaroq, bugungi kunda mintaqamizda butkul yangi – oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhiti oʻrnatildi va mustahkamlanmoqda, – dedi U.Inoyatov. – Keyingi yillarda xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar ikki mamlakat Prezidentlarining kuchli siyosiy irodalari, oʻzaro yuksak ishonch va ustuvor yoʻnalishlarga asoslangan strategik qarashlari mushtarakligi samarasida yana-da doʻstona ruhda qoʻr olmoqda.
Eʼtirof etish joizki, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida oʻrnatilgan iliq munosabatlar boshqa mamlakatlar uchun oʻzaro samarali hamkorlikning “namunaviy shakli” boʻlib xizmat qilmoqda.
Bu jihatlar Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining 21-sentyabr kuni Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli raisi Rustami Emomali bilan uchrashuvida alohida qayd etildi.
Jumladan, R.Emomali Tojikiston rahbariyati va xalqi Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama doʻstona munosabatlarni shakllantirish yoʻlidagi tashabbuslarini va saʼy-harakatlarini yuksak qadrlashini aytdi.
Tojikiston Respublikasi qoʻshni Oʻzbekiston Respublikasi va birodar oʻzbek xalqiga muhim strategik sherik sifatida qarashi, shu maʼnoda barcha sohalardagi hamkorlikda ikki tomonlama va mintaqa miqyosida hamjihatlik bilan harakat qilishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Suhbat avvalida R.Emomali 2019-yili Oʻzbekistonga tashrifi doirasida erishilgan ijobiy natijalarni takror qayd etar ekan, oʻshanda Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston delegatsiyasini yuksak mehr, mehmondoʻstlik koʻrsatib qabul qilganini iliq taassurot bilan esladi.
Majlisi milli Majlisi Oli raisi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va yana-da mustahkamlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratayotgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishning oldini olish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tahsinga loyiqligi, bu kasallikning ikki qoʻshni davlat iqtisodiyoti va xalqlarimiz maishiy hayotiga salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan choralar ijobiy samara berayotgani aytildi.
– Biz koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash doirasida Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Tojikiston tomoni bu yoʻnalishdagi Oʻzbekistonning tashabbus va gʻoyalarini doim qoʻllab-quvvatlashga tayyor, – dedi R.Emomali.
Delegatsiyamizning Majlisi namoyondagon Majlisi Oli raisi Mahmadtoir Zokirzoda bilan oʻtgan uchrashuvida bugungi kunda Toshkent va Dushanbe oʻrtasida hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarni qamrab olgan qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, parlamentlararo muloqotlar, Oʻzbekiston Bosh vazirining rasmiy tashrifi va Hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishining oʻtkazilishi Tojikiston hukumati uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Mahmadtoir Zokirzoda yetuk davlat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻktam Barnoyevning bevaqt vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi parlamentlararo doʻstlik guruhlari yigʻilishi oʻtkazildi.
Tojikiston tomoni guruh rahbari – Majlisi namoyondagon Majlisi Oli raisining oʻrinbosari Mansuri Dilrabo xonim Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida olib borilayotgan strategik sheriklik aloqalari va oʻzaro manfaatli hamkorlik ikki mamlakat Prezidentlarining boshchiligida yana-da kengayib borayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidovning Parlamentararo Ittifoq raisligiga nomzodi Tojikiston parlamenti tomonidan qoʻllab-quvvatlangani maʼlum qilindi.
Tojikiston parlamenti quyi palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikni yana-da faollashtirish, xususan delegatsiyalar almashuvi, oʻzaro tadbirlarda qatnashish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ochiq muloqot olib borishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Doʻstlik guruhlari uchrashuvi chogʻida Tojikiston tomoni koronavirus pandemiyasiga qaramasdan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oʻzaro muloqotlarni izchil davom ettirayotgani yuqori baholandi.
Tojikiston parlamenti ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da jadallashtirishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamjihatlikda saʼy-harakatlar olib borishga tayyor ekani aytildi.
Tojikiston tomoni 2019-yil oktyabr oyida imzolangan quyi palatalar oʻrtasidagi hamkorlik bitimini bosqichma-bosqich birgalikda amalga oshirishga tayyorligi maʼlum qilindi. Shuningdek, chegaraoldi mintaqalardan saylangan parlament deputatlari oʻrtasida faol hamkorlik oʻrnatish taklifi bildirildi.
Uchrashuvlar chogʻida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirshga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat parlamentlararo guruhlari uchrashuvining bayonnomasi imzolandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari delegatsiyasining Tojikiston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda. Bugun delegatsiya aʼzolarining Tursunzoda shahriga tashrifi rejalashtirilgan.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
U.Asrorov yozib oldi.