Tashrif doirasida ayni daqiqalarda “Lotte Hotel Tashkent” mehmonxonasida Xitoyning Toshkentdagi elchixonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamkorligida “Ikki tomonlama hamkorlik va davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish” mavzuida simpozium oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil boʻldi.

Shu munosabat bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan tabrigida, jumladan, shunday dedi: “Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarining rivojiga katta ahamiyat qaratmoqdaman hamda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligidan foydalanib, Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligimini bildiraman”.

Taʼkidlash joizki, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon oʻtgan 30 yilda Xitoy-Oʻzbekiston aloqalari izchil rivojlanib bordi. Xalqlarimiz tinchlik-totuvlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik ruhidagi davlatlararo munosabatlarning yorqin namunalariga guvoh boʻldi.

Pandemiya sharoitiga qaramay, har tomonlama strategik sherikligimiz jadal rivojlanib bordi.

Bugungi simpoziumda ana shu munosabatlarni yangicha format va azaliy doʻstlik ruhida davom ettirish haqida iliq fikrlar bildirildi.

— Toshkentga ikki yil oldin kelgan edim. Shu qisqa vaqt mobaynida katta oʻzgarishlar boʻlibdi. Osmonoʻpar, chiroyli binolar qurilibdi. Bularning barchasi Oʻzbekiston Yetakchisi rahbarligida amalga oshirilayotgan katta islohotlar samarasidir.

Oʻzbekistonda sezilarli iqtisodiy yuksalishlar kuzatilmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida barcha sohadagi hamkorlik aloqalarini olqishlagan holda, Buyuk ipak yoʻlidan boshlangan tarixiy munosabatlarimiz mamlakatlarimiz yetakchilari rahbarligida yangi formatda rivojlanishiga shubha yoʻq, — dedi Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Yevroosiyo ishlari boʻyicha maxsus vakili Li Xuey.