Oʻzbekiston – Yaponiya biznes-anjumani boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 23 Sentabr 2021 614

    Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi va “Toshkent-Nagoya” Doʻstlik assotsiatsiyasi bilan birgalikda “Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligi dinamikasi va Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari” mavzusida onlayn anjuman oʻtkazildi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari L.Kudratov, Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari, shuningdek, Nagoya shahrining (Yaponiya) 40 dan ortiq kichik va oʻrta biznes vakillari ishtirok etdi.

    Yaponiya ishbilarmonlik doiralari vakillariga Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar, turli sohalarga ilgʻor yapon texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish istiqbollari haqida maʼlumot berildi.

    Anjuman doirasida Oʻzbekiston tadbirkorlarining bir qator Yaponiya kompaniyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, turizmni rivojlantirish sohasida hamkorlik oʻrnatish yuzasidan “Smile Tourist”, mehnat migratsiyasi sohasida — “HRS Japan Co, Ltd.” hamda Yaponiyaga mahkamlash buyumlari yetkazib berishni tashkil etish boʻyicha “Meinan Co., Ltd.” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazildi.

    Tadbir yakunida 2022-yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida Yaponiyaning kichik va oʻrta biznes subyektlari vakillarining bevosita ishtirokida 2-konferensiyani tashkil etishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.