Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama siyosiy va diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalar, xususan, Afgʻonistondagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Yaponiya tomoni mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida manfaatdor taraflar bilan koʻp tomonlama hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Shu nuqtayi nazardan, munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish, mintaqada barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma – “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida qoʻlga kiritilgan salmoqli natijalar qayd etildi. Oʻzbekistonda investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun jalb etilgan Yapon investitsiyalarining sezilarli oʻsishi alohida taʼkidlandi. Xususan, Toshkentda “Digital Knowledge” kompaniyasi bilan birgalikda elektron taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan Raqamli universitet tashkil etildi. Hozirgi kunda yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobilsozlik, kimyo sanoati va mehmonxona biznesi sohalarida qator investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat rasmiylarining oʻzaro tashriflarini tashkil etgan holda ikki taraflama Parlamentlararo forumning 3-yigʻilishi hamda Oʻzbekiston -Yaponiya va Yaponiya -Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik qoʻmitalarining 16-uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish uchun birgalikda ish boshlashga kelishib oldilar.

Yaponiya tomoni Oʻzbekistonning 2025-yilda Osaka shahrida oʻtkaziladigan “Ekspo-2025” Jahon koʻrgazmasida milliy pavilyon tashkil etib, ishtirok etish boʻyicha rejalarini olqishladi va tashkiliy masalalarni hal etishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

2022-yilda davlatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanishi doirasida “Yaponiyada Oʻzbekiston yili” va “Oʻzbekistonda Yaponiya yili”ga birgalikda tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.