Markaz direktori oʻz nutqi avvalida Bosfor sammiti turli sohalarda kelajak istiqbollarini, rejalarni koʻrib chiqish va fikr almashish uchun yetakchilar, ekspertlar va manfaatdor shaxslarni birlashtirgan muhim xalqaro platformalardan biri ekanligini taʼkidladi.
Eldor Tulyakov sammit ishtirokchilariga Oʻzbekiston bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar, shuningdek, kelgusida “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasiga asosan amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda bank-moliya sektorini modernizatsiya qilish, valyuta bozorining liberallashuvi, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, hukumat 2020-2025-yillarda Oʻzbekistonning bank tizimini isloh qilish strategiyasiga muvofiq, bank samaradorligi va ularning moliyaviy barqarorligini oshirish, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va bank tizimidagi davlat ulushini kamaytirish borasida islohotlarni amalga oshirayotgani va natijada erishiladigan maqsadlar haqida gapirdi.
2020-2025-yillarda Oʻzbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasining amalga oshirilishi bank sektorining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rolini kuchaytirish, shuningdek, yangi investor va texnologiyalarni jalb qilish, oʻz-oʻzidan bank bozorida raqobatni kuchaytirish imkonini berdi, dedi u.
Shuningdek, Eldor Tulyakov bugungi kunda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish mamlakatning bank-moliya tizimini rivojlantirishning muhim yoʻnalishiga aylanganini qoʻshimcha qildi. U sohaning meʼyoriy-huquqiy bazasi takomillashtirilib, toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish ragʻbatlantirilayotgani, masofaviy bank xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan toʻlov kompaniyalari safi ortib borayotgani, umuman, Oʻzbekiston bank sektorini raqamli transformatsiya qilish doirasida erishilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdi.
Shu bilan birga, “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida ham mamlakatda moliya-bank sektorini isloh qilish va rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻzlanganini alohida taʼkidladi. Unga koʻra, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish vazifasi belgilangan.
Bundan tashqari, banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 ta bankni saqlab qolib, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el bankini jalb qilish orqali banklarning kapitallashuvi, samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, sohaga yangi texnologiyalar va xalqaro standartlarni joriy qilish, shuningdek, Oʻzbekiston bank sektorining jahon moliya tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirish maqsad qilinmoqda.
Shuningdek, Strategiyada banklarga xalqaro tan olingan minimal standart va talablarni joriy qilish orqali meʼyorlar va nazorat bazalarini takomillashtirish, kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish, uning qonuniy asoslarini shakllantirish, sudga kiritilgan daʼvolar boʻyicha kreditlarga oshirilgan foiz va jarima hisoblashni toʻxtatish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishdek muhim vazifalar belgilangan.