Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjat Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Sent-Vinsent va Grenadin orollarining BMTdagi doimiy vakili Inga Ronga King tomonidan imzolandi.
Sent-Vinsent va Grenadin orollari Karib dengizi havzasining gʻarbiy qismida joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat BMT faoliyatida faol ishtirok etib keladi, 2020-2021-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzosi, 2018-2019-yillarda esa tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi boʻlgan.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari doirasida birgalikdagi ishlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Ikki va koʻp tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha muntazam aloqalarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Qoʻshma bayonotni imzolash marosimidan soʻng Sankt-Vinsent va Grenadin orollarining BMTdagi doimiy vakili Inga Ronda King “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berar ekan, Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyoti haqidagi oʻz fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashdi.
— Bugun mening moʻjaz mamlakatim – Sent-Vinsent va Grenadin orollari uchun alohida kun. Bir necha daqiqa avval biz Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunikeni imzoladik. Bu tarixiy voqeadir. Bizning davlatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq masofada joylashgan, turli madaniyat va dinlarga mansub, ammo ularni hozirgi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy ruhi ramzi boʻlgan diplomatiya aloqalari bogʻlaydi.
Men qariyb 9 yildan buyon diplomat sifatida Nyu-Yorkda faoliyat koʻrsatayapman. Shuni taʼkidlashni istardimki, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotganiga, shu jumladan, uning BMT jarayonlaridagi faol va chuqur ishtirokiga guvoh boʻldim. Oʻzbekistonlik hamkasbim bilan diplomatiya aloqalari oʻrnatish boʻyicha qoʻshma hujjatni imzolash men uchun mamlakatim vakili sifatida katta sharafdir.
Oʻzbekiston barcha sohalarda amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlar bizni hayratlantiradi va ana shunday davlat bilan doʻst va hamkor boʻlishdan faxrlanamiz. Biz yaxshi dunyo va porloq kelajak uchun yaqin hamkorlik qilamiz. Yana bir bor barchani ushbu muhim voqea bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Shuni qayd etish joizki, mazkur hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonning Karib dengizi havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
2022-yil 9-mart kuni mamlakatimiz Sent-Kits va Nevis Federatsiyasi bilan diplomatiya aloqalari oʻrnatgan edi.