Hozirda “COVID-19”ga qarshi Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasining vaksinasi va Rossiya Federatsiyaning “Sputnik-V” vaksinasining 3-bosqich klinik tadqiqotlari yurtimizda ham oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bunda vaksinalarning xavfsizlik koʻrsatkichlarini baholash, ularning infeksiyani oldini olishdagi samaradorligini aniqlash asosiy vazifa qilib belgilangan. Shuningdek, “Sinopharm group” kompaniyasi bilan ham ushbu yoʻnalishda ish olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan vaksinani respublikaga olib kelish va aholiga yetkazish vakolati yagona xususiy shirkatga berilgani haqida bildirilgan fikr-mulohazalar haqiqatga zid. Chunki “COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksina xarid qilish va undan foydalanish masalalari butun jahonda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham klinik tadqiqotlarning 3-bosqichi natijalariga koʻra belgilanadi.

Biror mamlakatning vaksinasi ijobiy koʻrsatkichlar qayd etgani ilmiy isbotlansagina, uni xarid qilish, sotib olingan vaksinani saqlash va tashish bilan bogʻliq masalalar tegishli mezonlar asosida koʻrib chiqiladi.

Bundan tashqari, hozirda BMT bilan hamkorlikda COVAXga aʼzo davlatlar qatorida Oʻzbekistonga jahonda olib borilayotgan klinik tadqiqotlar asosida samarasi ijobiy baholangan koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berish boʻyicha muzokaralar ham olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.