Oʻzbekiston aeroportlari orqali qanday hayvonlarni tashish mumkin?

    Uy hayvonlari bilan sayohat tobora ommalashib bormoqda. Shundan kelib chiqib, “Uzbekistan Airports” AJ uy hayvonlarini tashishda umumiy majburiy talablar va zaruriy hujjatlar haqida maʼlumot berdi.

    Hayvonlarni tashish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

    • emlash haqida maʼlumot boʻlgan veterinariya pasporti;
    • hayvonning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
    • hayvonni eksport qilish uchun ruxsatnoma (agar kerak boʻlsa).

    Hayvonlarni maxsus keng, yaxshi ventilyatsiyasi boʻlgan xavfsiz yopiq qafaslarda tashish kerak. Uy hayvonlari boʻlgan yoʻlovchilarga aeroportga erta kelish tavsiya etiladi, chunki roʻyxatdan oʻtish jarayoni biroz koʻproq vaqt olishi mumkin. Bundan tashqari, yoʻlovchilar har bir xavfsizlik tekshiruvida qafasni ochishlari kerak boʻladi.

    Shu bilan birga, hayvonni va qafasni tekshirish uchun, ayniqsa, agar u mushuk boʻlsa, yoʻlovchidan alohida xonaga borishi soʻraladi, u yerda mushuk egasi hayvonga ozor bermasdan qafasdan olishi va qafasni tekshirishni amalga oshirish uchun aeroport xodimiga topshirishi mumkin.

    Uy hayvoni bilan qulay va xavfsiz parvoz qilish uchun quyidagilar tavsiya qilinadi:

    • uy hayvoningiz qafasga oʻrganganligiga ishonch hosil qiling;
    • parvozdan oldin uy hayvoningizni ovqatlantirmang;
    • parvoz kechikishi holatlari uchun suv va oz miqdorda ovqat tayyorlab qoʻying;
    • veterinar bilan kelishilgan holda, hayvonga tinchlantiruvchi vositalarni berish mumkin.

    Koʻpgina aviakompaniyalar kichik hayvonlarning vazni konteyner bilan birga 8 kg dan oshmasa, ularni samolyot bortida tashish imkoniyatini beradi. Kattaroq hayvonlar bagaj boʻlimida tashiladi.

    Hayvonlarni tashish ruxsat etilgan bagaj miqdoriga kiritilmaydi va alohida tarif boʻyicha haq toʻlanadi.

    Koʻzi ojiz va kar yoʻlovchilar uchun hamrohlik qiluvchi itlar, agar hayvonning kamari boʻlsa, boshqa yoʻlovchilarga xavf tugʻdirmasligi taʼminlangan va yoʻlovchi sogʻligʻi toʻgʻrisida tegishli maʼlumotnoma taqdim etgan boʻlsa, uning vaznidan qatʼiy nazar va ortiqcha yuk uchun toʻlovlarisiz samolyot salonida olib oʻtilishi mumkin.