YUrtimizda qishloq xo'jaligi ekinlari genofondini saqlash, boyitish, o'rganish va undan samarali foydalanishda Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi O'simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti muhim o'rin tutadi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 maydagi “Qishloq xo'jaligi ekinlari navlarini sinash markazi faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo'jaligi o'simliklari turlarining Milliy genbankini yaratish to'g'risida”gi qarori bilan mazkur muassasa O'simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etildi.
Muassasada faoliyati davomida ilmiy ekspeditsiyalar, introduktsiya ishlari, dunyodagi ilmiy tashkilotlar bilan namunalar ayirboshlash yo'llari orqali respublikadagi o'simliklar genetik resurslarini to'plash va ularni mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo'lgan muammolarni hal qilishga jalb etish vazifasini bajarib keldi. endilikda uning zimmasiga yangi, yanada mas'uliyatli ishlar yuklanishi barobarida Qishloq xo'jaligi ekinlari genetik resurslari genbankiga “milliy” maqomi ham berildi.
— O'simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiyodagi qishloq xo'jaligi ekinlari genofondi yig'ilgan yirik ilmiy muassasa hisoblanadi, – deydi institut direktorining ilmiy ishlar bo'yicha o'rinbosari, qishloq xo'jaligi fanlari doktori Safar Aliqulov. – Institutning 8 ta bo'lim, 3 ta laboratoriyasi hamda Surxondaryo va Andijon ilmiy-tajriba stantsiyalarida qishloq xo'jaligi ekinlari genetik resurslari bo'yicha keng ko'lamli ilmiy va amaliy ishlar olib boriladi. Bu erda 102 xil qishloq xo'jaligi ekinining 43 mingdan ziyod jahon kollektsiya namunasi to'plangan. Vegetativ holda ko'payuvchi va ko'p yillik meva-rezavor ekinlar va uzum, boshoqli va dukkakli, sabzavot, poliz hamda moyli va texnik ekinlarning dunyoviy kollektsiyasi institut va uning hududiy ilmiy tajriba stantsiyasidagi dala genbanklarida ishonchli saqlanmoqda. Bu kollektsiyalar orasida jahonning ko'pgina mamlakatlaridan keltirilgan noyob, yo'qolib borayotgan shakllar, qadimgi mahalliy navlar, madaniy o'simliklarning yovvoyi avlodlari namunalarini topish mumkin.
Institut dunyo davlatlaridan uzoq yillar davomida misqollab yig'ib kelingan qishloq xo'jaligi ekinlarining kollektsiya namunalarini kelajak avlodga to'la o'zgarishsiz etkazishdek muhim vazifani bajaradi. SHu bois, bu erda zarur sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, qishloq xo'jaligi ekinlari genetik resurslari urug' genbankida 63 turdagi qishloq xo'jalik ekinining 34557 ta kollektsiya namunasi +4 daraja havo harorati, 35 foiz nisbiy namlikda saqlanadi. Aynan shu sharoitda kollektsiya namunalarini ekin turiga qarab, qayta ekmasdan, 4 yildan 15-20 yilgacha saqlash mumkin.
Institut Milliy genbankida esa 21969 tadan ortiq don va dukkakli ekinning nav va namunalari to'plangan. Ular orasida makkajo'xorining 2947 ta, sorgoning 936 ta, afrika tarig'ining 39 ta va oddiy tariqning 55 ta namunasi mavjud. Ushbu o'simliklarning boy milliy genetik jamg'armasi kelgusida yangi, istiqbolli navlarni yaratish hamda kelajak avlod uchun oziq-ovqat muammolarini hal etishda muhim o'rin tutadi.
— Institutning jahon genofondi doimiy tarzda turli xil qishloq xo'jaligi ekinlarining yovvoyi turlari, davr talabiga mos, istiqbolli yangi nav, tizim va populyatsiyalar bilan boyitib boriladi, — deydi Safar Aliqulov. — Bu borada butun dunyodagi yirik o'simliklar genofondini saqlovchi tashkilotlar bilan germaplazma almashinish ishlari yo'lga qo'yilgan. ekinlarning mahalliy navlari va ularning yovvoyi ajdodlarini to'plash, o'simliklar genofondini o'rganish va saqlash maqsadida respublika hududlari va xorijiy davlatlarga muntazam ekspeditsiyalar tashkil etiladi.
Xorijdan olib kelinadigan navlar orqali yurtimizga turli karantin kasallik va zararkunandalar kirib kelishining oldi olinadi. SHu maqsadda institutning introduktsion-karantin ko'chatzorida chet davlatlardan introduktsiya qilingan bir yillik qishloq xo'jaligi ekinlari namunalari fitopatologik, entomologik tekshiruvdan o'tkazilib, asosiy xo'jalik belgilari bo'yicha birlamchi baholanadi. Tekshiruvdan o'tkazilgan barcha namunalar izlanishlar uchun topshiriladi.
SHuningdek, o'simliklar genofondini saqlash va boyitish maqsadida institut ilmiy xodimlari tomonidan har 4-5 yilda unuvchanligi past bo'lgan namunalarni tajriba dalalariga qayta ekish yo'li bilan ko'paytirish ishlari ham keng yo'lga qo'yilgan. Joriy yilda dala ekinlari genetik resurslari bo'limi tomonidan makkajo'xorining 179 ta, oq jo'xorining 46 ta, afrika tariq o'simligining 29 ta namunasi qayta tiklash va ko'paytirish uchun dala tajriba maydonlariga ekildi. Bu erda urug'larning faqatgina unuvchanligini qayta tiklash bilan kifoyalanmasdan, hozirgi global iqlim o'zgarishlarini hisobga olgan holda, har tomonlama qimmatli xo'jalik belgilarini o'rganish, birlamchi manbalar ajratib olish, respublikaning tuproq iqlim sharoitlariga mos bo'lgan noan'anaviy ekinlarni joriy qilish hamda asosiy xo'jalik belgilari bo'yicha donorlarni tanlab olib, selektsiya maskanlariga uzatish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 10 apreldagi “YOvvoyi holda o'suvchi dorivor o'simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda etishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, O'simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etilayotgan dorivor o'simliklar selektsiyasi, urug'chiligi va agrotexnikasi bo'limi faoliyatida ham bu ishlarni jadal davom ettirish ko'zda tutilgan.
— YAngi o'simlik navlarini yaratish ustida tinimsiz izlanish olib borayotgan olimlarimiz institut genofondini boyitishda o'zining salmoqli hissasini qo'shib kelmoqda, — deydi Safar Aliqulov. — Xususan, respublikamizdagi selektsiyachi olimlar tomonidan ushbu genofond namunalari asosida sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 250 dan ortiq nav va duragayi yaratilgan. Ulardan 67 tasi davlat reestriga kiritilgan. 2016-2019 yillarda O'simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan intellektual mulk ob'ektlariga 3 ta mahalliy patent, 19 ta nav guvohnomasi olindi. SHulardan pomidorning “YUtuq”, “Rubin cherri”, “Ko'rkam”, “Fazilat cherri”, baqlajoning “Tuhfa”, Parizod”, moshning “Osiyo”, “Zamin”, “Baraka”, qovoqning “Bahodir” hamda batatning “Asal” navlari davlat reestriga kiritildi. Ayniqsa, moshning “Barqaror” navi Toshkent viloyatida etishtirish uchun istiqbolli sifatida baholandi.
Mevali ekinlardan olxo'rining “YArxi”, “Maysara”, “Muxtor”, “Hosilot”, shaftolining “Gulnoz”, “YUtuq”, “CHimyon” kabi 50 dan ortiq navi yaratilib, hududlarda rayonlashtirildi.
Ayni paytda Davlat nav sinash komisciyasiga bug'doyning “Nurafshon”, “Barqaror”, “Obod” navlari, uzumning “Gran-Nuar”, “Tentyure”, “SHardone” va “Savin`on” navlari taqdim qilingan. Intellektual mulk agentligiga esa qovoqning “Bahodir”, moshning “Osiyo”, “Zamin”, “Baraka” va “Barqaror” navlariga patent olish uchun arizalar topshirilgan.
Institut olimlari xorijdan keltirilgan o'simlik va ekin navlarini yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtirishda ham sezilarli natijalarga erishmoqda. Xususan, ular tomonidan respublikamiz uchun noan'anaviy ekinlardan steviya, topinambur, daykon, sarsabil loviyasi, sabzavot soyasi va moshning yangi navlari yaratildi. Bu yo'nalishdagi izlanishlarni xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yanada jadal davom ettirish rejalashtirilgan.
Ilmiy-tadqiqot ishlari asosida yangi navlarni yaratishda tajribali olimlar qatori yosh mutaxassislarning ham alohida o'rni bor. Bugungi kunda ana shunday ilg'or, shijoatli yosh xodimlar ishtirokida don va dukkakli ekinlar hamda sabzavot, poliz ekinlarining 10 dan ortiq navi yaratilib, Davlat nav sinov komissiyasiga topshirildi. Bir qancha yosh olimlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan tanlovlar asosida xorijiy davlatlarda ilmiy malaka oshirib qaytdi. Hozir yosh kadrlarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, sohada dunyo tajribasini o'rganib, amaliyotda qo'llashiga keng yo'l ochish maqsadida institut qoshida xorijiy tillarni o'rganish kurslari tashkil etilgan.
Umuman, bugun institut faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar har bir xodim zimmasiga yanada katta mas'uliyat yuklaydi. Xususan, yuqoridagi qaror bilan Milliy genbankdan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishi va selektsiyasida samarali foydalanish, urug'larni o'rta va uzoq muddatga kafolatli saqlanishini ta'minlash maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) komissiyasi tomonidan o'simliklar genetik resurslari genbanklari uchun ishlab chiqilgan xalqaro standartlarga to'liq rioya qilinishini ta'minlash belgilangan. SHuningdek, qishloq xo'jaligi ekinlari genofondini boyitish, ekin turlari sistematikasi (qardoshlik munosabatlari) va filogeniyasi (organizmlarning rivojlanish jarayoni) bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borish, selektsiya uchun birlamchi materiallarni tanlash samaradorligini oshirish bo'yicha ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish kabi vazifalar yanada faolroq bo'lishni talab etadi.
Qaror asosida xalqaro moliya institutlarining imtiyozli resurslari va grant mablag'larini jalb etish hisobidan yangi Milliy genbank binosi quriladi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan yaratiladigan o'simlik nav va namunalari esa Milliy genofond boyligiga aylanib, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri