Oʻzbekiston AITF -2023 Xalqaro turizm va sayohat koʻrgazmasida «Hamkor davlat» sifatida ishtirok etyapti

    Turizm 4 Aprel 2023 1155

    2023 yil 4-6-aprel kunlari Ozarbayjonning poytaxti Boku shahrida AITF -2023 19-xalqaro turizm va sayohat koʻrgazmasi boʻlib oʻtyapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi Ozarbayjon xalqaro turizm yarmarkasida ilk bor «Hamkor davlat» sifatida ishtirok etyapti. Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda «Milliy PR-markazi» DUK, shuningdek, Oʻzbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasi hamkorligida, “Uzbekistan Airways” AJ koʻmagida tashkil etilgan. Sayyohlik koʻrgazmasining ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Baxrom Ashrafxonov hamda «Milliy PR-markazi» DUK direktori Dilfuza Samandarova soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 29-martda boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida qabul qilingan Qaroriga koʻra, Ozarbayjon Respublikasi va Turkiya Oʻzbekiston Respublikasida turizm xizmatlari eksportini koʻpaytirish va ushbu mamlakatlardan sayyohlarni jalb etish maqsadida Xorazm viloyatiga biriktirildi. Ushbu topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida, koʻrgazma doirasida Xorazm viloyatidan katta delegatsiya ishtirok etyapti, uning tarkibi 7 ta sayyohlik kompaniyasi, «Ichan qalʼa» rahbariyati, madaniyat va sanʼat namoyandalari, musiqachilar hamda hunarmandlardan iborat. AITF -2023 xalqaro koʻrgazmasi doirasida davlat sayyohlik tashkilotlari, marketing kompaniyalari, shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillarining Ozarbayjon turoperatorlari bilan maydonchalarni faol sotish boʻyicha ishbilarmonlik uchrashuvlari hamda joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan TXTY-2023 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish shartlari bilan tanishish rejalashtirilgan. AITF -2023 koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kechki ziyofat ham rejalashtirilgan boʻlib, unda mamlakatimizning turizm salohiyati taqdimoti, Xorazm milliy ansambli sanʼatkorlari chiqishlari bilan madaniy dastur, xalq amaliy sanʼati va milliy taomlar namoyishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.